BAPTIZM

BAPTIZM (Yunoncha baptizo — suv bilan cho’qintirish) — protestantizmlyat sektalardan biri. Baptistlar fikricha, bolalar yoshligida emas, balki dinga nisbatan ongli munosabatda bo’lgandagina cho’qintirilishi, diniy e’tiqodda erkinlik bo’lishi lozim. Iso Masihga ishonganlarning hammasini Xudo xalos etadi. Baptizm ruhoniylarning dinga ishonuvchilar bilan Xudo o’rtasidagi vositachiligini rad etadi, xristianlikda muqaddas hisoblanadigan avliyolar, ikonalar, sirli marosimlar va kichik bayramlarni tan olmaydi, faqat Iso Masih nomi bilan bog’liq bo’lgan bayramlarni, shuningdek ba’zi maxsus bayramlarni tan oladi. Bibliyani diniy ta’limotning yagona manbai deb hisoblaydi, unga qat’iy rioya qilishga chaqiradi. Baptizmning dastlabki jamoasi 1609 yilda Gollandiyada ingliz muhojirlari orasida vujudga keldi. 1612 yilda Angliyada, 1639 yilda shimoliy Amerikada paydo bo’ldi. 19-asrda Yevropa, Osiyo, Afrikada, Lotin Amerikasidagi mustamlaka va qaram mamlakatlarda keng tarqaldi. Baptizm Rossiyaga 19 — asrning 60 — yillarida Germaniyadan kirib kelgan. 1905 yilda Jahon baptistlari Ittifoqi tuzildi, uning markazi AQShda. Jahondagi baptistlar soni 31 milliondan ortiq. O’zbekistonda baptistlarning ro’yxatga olingan 14 ta jamoasi bor (1998).