BARANG’AR

BARANG’AR, barang’or, burong’or (turkcha — o’ng) — qadimgi turk-mo’g’ul xalqlarida harbiy-ma’muriy istiloh; 1) Chingiziylar saltanati barpo etilgunga qadar mo’g’ullar mamlakati o’ng qanot — barang’ar va so’l qanot — juvang’arga taqsimlangan. Chingizxon asos solgan ulkan saltanatda ham bunday bo’linish aynan saqlangan. 14 — asrning 40 — yillarida Jo’ji ulusi o’ng va chap qanotlarga bo’lingan. O’ng qanot — oq Urda Botu va Shaybon, so’l qanot — ko’k O’rda Jo’jixonning to’ng’ich o’g’li O’rdaga tegishli mulklardan iborat bo’lgan; 2) Temur va Temuriylar, o’zbek xonliklari davrida qo’shinning o’ng qanoti. Boburning so’zlariga qaraganda, Barang’ar qo’shinning markaz qismi (qavl, g’o’l) ga bo’ysunmagan va oliy bosh qo’mondon (podshoh, xon yoki Amir ul-umaro)ning buyrug’i bilan ish ko’rgan. Eski o’zbek tilida Barang’ar bilan bir qatorda o’ng, o’ng qo’l kabi turkiycha; Maymana, Yamin singari Arabcha nomlar ham ishlatilgan.