BARBAROSSA

BARBAROSSA, Borborus — Usmonli turk imperiyasi harbiy-dengiz floti arboblari — aka-uka Bobo uruj (1473 — 1518) va Xayruddin (1483 -1546) ga yevropaliklar tomonidan berilgan nom. Barbarossa so’zi nemischa bo’lib, «qizilsoqol» degan ma’noni anglatadi. Germaniya qiroli Fridrix I qizg’ish soqolli bo’lganidan shunday deb atalgan edi. Shunga ko’ra, yevropaliklar qizg’ish soqolli bobo uruj va Xayruddinni ham Barbarossa deb ataganlar (ayrim tilshunoslar Barbarossa so’zi bobo uruj ismining noto’g’ri talaffuzi deb taxmin qilishadi). Bobo Uruj va Xayruddin Egey dengizidagi Mitilena orolida Islomga kirgan kambag’al grek-kulol oilasida dunyoga kelgan. Bobo uruj taxminan 20 yoshlarida ukasi Xayruddin bilan birgalikda turk harbiy kemalaridan biriga xizmatga kiradi. Tez orada ikkalasi o’ta Jasur va iste’dodli ekanliklarini namoyon qilib, katta shuhrat qozonadilar va Jazoir hamda Tunis qirollari tomonidan shimoliy Afrika mamlakatlarini ispanlar asoratidan xalos etish uchun yordamga chaqiriladilar. Bobo uruj va Xayruddin quruqlik va dengizda ispanlar ustidan ketma-ket g’alaba qozonib, Shimoliy Afrikada Islomiy podshoxlar hukmronligini tiklashga muvaffaq bo’ladilar. Bobo uruj janglardan birida halok bo’lgach, Turkiya sultoni uning ukasi Xayruddinni Jazoirga voliy etib tayinlaydi. Xayruddin 19 yil davomida Jazoirda voliylik qilib, O’rta dengizda Yevropa davlatlari harbiy-dengiz floti hukmronligiga qarshi muvaffaqiyatli urushlar olib boradi. 1525 yil «Muqaddas Rim imperiyasi» imperatori Karl V (1500 — 58) dan mag’lub bo’lib, asir olingan Frantsiya qiroli Frantsisk I (1494 — 1547) ning Sulton Sulaymon I Qonuniyga qilgan murojaatiga ko’ra, Xayruddin o’z floti bilan Nissa (Frantsiyada) shahriga borib, uni zabt etadi. So’ng, Karl V flotini butunlay tormor qilib, Frantsisk I ni asirlikdan qutqaradida, Frantsiya taxtiga qayta o’tqazadi. 1534 yil Sulton Sulaymon I Qonuniy Xayruddinni Istanbulga chorlab, Usmonli turk imperiyasi harbiy-dengiz floti admiral (qo’mondoni) etib tayinlaydi. U 10 yil shu lavozimda qolib, O’rta dengizda Yevropa davlatlari floti ustidan ketma-ket zafar qozonadi, grek arxipelagidagi orollarning aksariyatini, Italiyaning ayrim sohilbo’yi yerlarini zabt etadi, Usmonli turk imperiyasi harbiy-dengiz flotining O’rta dengizdagi ustunligini qayta tiklaydi. Xayruddin umrining oxiriga qadar ana shunday shonli va zafarli hayot kechirib, 1546 yil vafot etadi. U Turkiyadagi Beshiktosh shahrida maxsus maqbaraga dafn etilgan.