BARG FILCHASI
BARG FILCHASI (Polydrosus Germ.) — qattiqqanotlilar turkumining filchalar (uzuntumshuqlilar) oilasiga mansub hasharot. Qo’ng’izlik davrida turli o’rmon va ba’zi meva daraxtlarining bargi bilan oziqlanadi. O’zbekiston vohalarida 2 turi uchraydi. Bahorda birdaniga ko’payib, daraxt barglarini, ayniqsa, urug’dan yangi chikhan nihol shoxlarining pastki barglarini yeb, yalang’ochlaydi. Qo’ng’izning kattaligi 4 — 5 millimetr, juda xo’ra, atigi 2 — 3 hafta umr ko’rsada katta zarar keltiradi. Shu vaqt ichida daraxt barglariga tuxum qo’yadi. Tuxumdan chiqqan lichinka tuproqqa kirib chirindilar bilan oziqlanadi. Erta bahorda g’umbakka aylanadi. Bir haftadan keyin qo’ng’iz bo’lib chiqadi. Kurash choralari: daraxtlar tagiga chodir yozib, silkitib, qo’ng’izlar qoqib tushiriladi va darhol yo’qotiladi. Urug’li meva daraxtlariga insektisidlar purkaladi.