BARG TO’KILISHI

BARG TO’KILISHI, xazonrezgi — o’simlik barglarining tabiiy holda to’kilish jarayoni. Barg to’kadigan o’simliklar (odatda daraxt va butalar) noqulay mavsum boshlanishi bilan ko’pincha barglarini bir vaqtda, doim yashil o’simliklar asta-sekin to’kadi. Qarib borayotgan barglarda kechadigan chuqur biokimyoviy va fiziologik o’zgarishlar assimilyatsiya jarayonining keskin susayishiga va parchalanish jarayonining kuchayishiga olib keladi. Barg to’kilishi jarayonining mexanizmi barg tarkibidagi geteroauksinning keskin kamayib ketishi va etilen mahsulotlarining ko’payishi, shuningdek barg bandidagi ko’chadigan qavatning shakllanishiga bog’liq. Barglarning poyadan ajralib to’kilishi shu qavat hujayrasi qobig’ining izdan chiqishi va o’tkazuvchi naylarining uzilishi oqibatida sodir bo’ladi.