«BARKAMOL AVLOD» SPORT O’YINLARI

«BARKAMOL AVLOD» SPORT O’YINLARI — O’zbekistonning kasb-hunar kollejlari va akademik litseylari o’quvchilari o’rtasida o’tkaziladigan ommaviy sport musobaqalari. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 10 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko’rish va o’tkazish to’g’risida»gi qarori (2001 yil 19 yanvar) asosida tashkil etilgan hamda «O’quvchi va talaba yoshlarni sportga jalb qilishga qaratilgan uzluksiz sport musobaqalari tizimini tashkil etish to’g’risida»gi (2003 yil 3 iyun) qaroriga binoan respublika final bosqichlari 3 yilda bir marta o’tkazilishi belgilangan. Maqsadi — o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimidagi o’quv muassasalaridagi o’quvchi yoshlarni jismonan etuk, axloqan bar-kamol va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, iqtidorli sportchi yoshlarni nufuzli musobaqalarga tayyorlash, yoshlar o’rtasida jismoniy tarbiya va sportni yanada ommaviylashtirish. «Barkamol avlod» sport o’yinlarida badiiy gimnastika, basketbol, boks, voleybol, gandbol, yengil atletika, stol tennisi, suzish, tennis, futbol kabi Olimpiada o’yinlari dasturiga kirgan va shaxmat, belbog’li kurash, kurash singari ommalashgan sport turlari bo’yicha musobaqalar o’tkaziladi. Saralash musobaqalari o’quv yurti, tuman, shahar va viloyatlarda, respublika final bosqichi bitta hududda tantanali ravishda tashkil etiladi. Respublika final bosqichlari ilk bor Jizzax (2001), so’ngra Andijon (2003) va uchinchisi Toshkent (2005) viloyatlarida bo’lib o’tdi. Uchinchi Barkamol avlod» sport o’yinlari saralash musobaqalarida 645 mingdan ziyod, uning final bosqichida 2170 nafar o’quvchi qatnashdi (2005).