BAROQ

BAROQ, Buroq, Baroq o’g’lon (? — 1428) — Dashti qipchoqlik hukmdor (1423-28). O’rusxonning nabirasi. Baroq 1419 yil may oyida taxt uchun kurashda ko’mak istab Samarqandga Ulug’bek huzuriga kelgan. Ulug’bek unga harbiy yordam beradi va shu yilning avgust oxirida o’zi ham katta qo’shin bilan safarga chiqib, 5 sentabrda Chinoz yonida Sirdaryodan kechib o’tadi. Dushman (tug’a Temur avlodi Muhammadxon) jang qilmasdan tarqab ketgan, shuning uchun Ulug’bek 22 oktabrda Samarqandga qaytib kelgan. Baroq bir muncha vaqtdan so’ng (1423 yil) Muhammadxonning o’rdasini, 1425 yil boshida esa uzil-kesil taxtni egallaydi. Mustaqil bo’lib olgach, Baroq bilan Ulug’bek oralaridagi munosabat buziladi. Bunga sabab Baroqning Sig’noq atrofidagi yerlarni da’vo qilib chiqishi bo’lgan. Baroq Sig’noq shahri uning bobosi O’rusxonning qarorgohi bo’lgani va shaharni bobosi obod qilganini da’vo qiladi. Bunga javoban Ulug’bek 1427 y. bahorida ukasi Muhammad Jo’qiy bilan Baroqqa qarshi otlangan. Ulug’bek Baroq tomonidan kechirim so’rab, sulh taklifi bilan yuborilgan elchini qaytarib yuborgan. Sig’noq atrofidagi tepalik yerlardan hech qanday xavfsizlik chora tadbirlarini ko’rmasdan o’tib borayotgan Ulug’bek qo’shiniga Baroqning kam sonli qo’shini to’satdan hujum qilib raqibini parokanda qilib yuborgan. Baroq Samarqand atrofini talab orqaga qaytgan. Ulug’bek otasi Shohrux yuborgan Hirot qo’shini hamda Muhammad Jo’qiyning mulki — Qandahordan kelgan qo’shinlarni jamlab yana Baroqqa qarshi otlanganda, Toshkentgacha kelgan, biroq Baroq qo’shini dasht ichkarisiga chekingan. Sig’noq shahri Ulug’bek qo’l ostida qolgan. Baroq Mo’g’ulistonga qilgan yurishida Sulton Mahmud o’g’lon tomonidan o’ldirilgan.