BARRIKADA
BARRIKADA (Fransuzcha), ko’cha band — ko’cha, yo’l, ko’prik va tog’yo’llarida turli narsalardan (xodalar, qum solingan qoplar, toshlar va boshqalar) quriladigan sun’iy mudofaa to’sig’i. Barrikada qadim zamonlardan bosqinchilarga qarshi qo’llanilgani ma’lum. Tarixiy manbalarda Barrikada Chep deb tilga olinadi. Barrikada 19-asrgacha tosh, qum solingan qop, xoda, qulatilgan daraxtlar va shu kabilardan qurilgan. 20-asrdan aholi yashaydigan joylarni tank va zirhli mashinalardan saqlash uchun maxsus muhandislik to’siqlari barpo etila boshlandi. Bunday Barrikada temirbetondan, turli bloklardan yasalib, ko’cha va yullarga shaxmat katagi tartibida 2 — 3 qator quriladi. 1871 yil Parij kommunasi paytida kommunarlar, 1905 — 07 yillardagi rus inqilobi paytida ishchilar tomonidan keng qo’llanilgan.