BASAR
BASAR, Basaron — Toxariston tumanlaridan biri. O’rta asr manbalariga ko’ra, Basar tohiriylardan Abdulloh ibn Tohirga 826 — 827 yillarda 7300 dirxam miqdorida xiroj to’lagan. Bu juda katta miqdordagi xiroj bo’lib, Vashgird tumaninikidan 7 marta ortiq, Xuttalon viloyatinikidan (12 ming dirham) bir oz kam bo’lgan. Yaqubiy va Ibn Rusta asarlarida ham Basaron shahri nomi uchraydi. «Hudud ul-olam» da Basarig shaklida qayd etilib, unga ko’ra 10-asrda Basar go’zal va obod, aholisi jangari bo’lgan. Basar shahri o’rta asrlarda Kofarnihon va Vaxsh daryolari oralig’ida; Hisorning Janubda yoxud Janub-sharqida bo’lib, Hisor vodiysi bilan Ko’lobni bog’lovchi karvon yo’lida joylashgan. Panjikentdan topilgan «turk-sug’diy» mis tangalardan birida 7 — 8-asrlar boshida «Pasar» shahri hokimi tomonidan zarb qilingan tangada Farnbag ma’budining ismi bitilgan. Ilk o’rta asrlarda Basar yoki Pasar shahri aftidan mustaqil mulk bo’lib, Basaron yoki Pasaron deb atalgan. 7-asrda uni turk Maliki boshqargan, ehtimol u Panjikent hokimi bilan qarindosh bo’lgan. Bu haqda ularning ismi yonida «jamuq» degan turkiy so’zning bo’lishi guvohlik beradi. Bu so’z turkiy unvon yoki mashhur turkiy urug’lardan biri «jamukin»ning nomi bo’lib, bu urug’ilk o’rta asrlarda Toxaristonda va Balx atrofida yashagan. Tabariyning yozishicha, 706 yil Basar viloyatini Qutayba ibn Muslimning birodari Solih zabt etgan. Bu jangda lashkarboshi Nasr ibn sayyor alohida jasorat ko’rsatgan, shuning uchun Solih unga shu viloyatda joylashgan Tanjona qishlog’ini in’om etadi. Shamsiddin Kamoliddinov.