Batiskaf

Batiskaf (yunoncha batos — chuqurlik va skafos — kema) — chuqur suv ostida yuradigan apparat. Okeanografik va boshqa tadqiqotlar uchun ishlatiladi. Suvdan yengil suyuqlik (benzin) to`ldirilgan korpus va po`lat shar (gondola)dan iborat. Gondolasida batiskaf ekipaji, boshqarish apparatlari, havo regeneratsiya sistemasi, radiostansiya, ultratovush telefoni, televizion kamera va ilmiy tadqiqot asboblari bo`ladi. 1960-yil yanvarida J.Pikar modernizatsiya qilgan batiskafda Tinch okeandagi Mariana botig`i tubiga (10919 m) tushildi.