BAXTARAN
BAXTARAN (sobiq Kermonshoh) — Erondagi shahar. Mamlakatning g’arbida, 1600 metr balandlikda, Qorasuv daryosi vodiysida joylashgan. Baxtaran ostonining ma’muriy markazi. Shosse yo’l orqali Tehron va Bag’dod shaharlari bilan bog’langan. Aholisi 560 ming kishi (1989). Mamlakatning savdo-transport markazi. Neftshoh konidan quvurlar orqali keladigan neftni qayta ishlovchi yirik zavod; oziq-ovqat (qand), to’qimachilik, teri, tsement sanoati korxonalari bor. Qo’lda gilam to’qiladi, teridan turli buyumlar yasaladi. Universitet, aeroport bor.