BAYAN SHIREY
BAYAN SHIREY, Banans, Agshirey — kechpishar vinobop uzum navi. Vatani — Ozarbayjon. Sharqiy ekologik-geografik navlar guruhiga kiradi. Tupi kuchli o’sadi. Bargi katta (Diametri 19 — 22 santimetr), to’garak, besh, bo’lakchali, bargining usti silliq, orqasida tuklar deyarli yo’q, cheti o’tkir arra tishli. Guli ikki jinsli. Uzum boshi o’rtacha kattalikda, tsilindrkonussimon, tig’izligi o’rtacha, og’irligi 200-250 gramm. G’ujumi o’rtacha (10 — 18 millimetr), yumaloq, sarg’ish-yashil, sershira, po’sti o’rtacha qalinlikda. Mevasi faol harorat yig’indisi 3500° bo’lganda (kurtak yozganidan boshlab 165 kunda) yetiladi. Tarkibida 18-20% qand bor. Hosildorligi 120-200 (yaxshi qaralganda 350) u/ga, kasalliklarga chidami o’rtacha. Bu nav Zakavkaze, O’rta Osiyo, Shimoliy Kavkaz, Ukrainada rayonlashtirilgan. O’zbekistonning hamma hududlarida yaxshi o’sadi. Sovuqqa chidamsiz. Ko’proq novda qoldirib, uzunroq qo’yib kesiladi. Asosan vino mahsulotlari va sharbat olish uchun yetishtiriladi.