BAYDARKA

BAYDARKA — xipcha yengil qayiq. Eshkaklari ilgaksiz. Rul bilan boshqariladi, rul oyoqda buriladi. Sport Baydarkasi — yaxlit yog’och yoki plastmassa qoplamali, turist Baydarkasi — yog’och, metall yoki plastmassadan yig’ma qobirg’ali qilib yasalib, suv o’tkazmaydigan material qoplangan bo’ladi. Turist Baydarkasi yig’ma holda ko’pincha 2 ta qopga jo bo’lib, og’irligi 27 — 50 kilogramm keladi. 180 — 350 kilogrammgacha yuk ko’tara oladi. Tinch suvdagi poygaga mo’ljallangan sport Baydarkasi yupqa fanerdan yasaladi. Baydarka usti paluba bilan yopilib, 1, 2, 4 nafar eshkakchi uchun lyuklar ishlangan bo’ladi. Bir eshkakchi uchun mo’ljallangan Baydarkaning uzunligi 5,2 metr, kengligi 51 santimetr, og’irligi 12 kilogramm; ikki eshkakchi uchun mo’ljallangani — 6,5 metr; 55 santimetr; 18 kilogramm; to’rt eshkakchi uchun mo’ljallangani — 11 metr; 60 santimetr; 30 kilogramm. Sportchilar ikki kurakli eshkakni oqimga qarab o’tirgan holda eshadilar. Baydarkada poygalar erkaklar o’rtasida 1936 yildan, ayollar o’rtasida 1948 yildan Olimpiya musobaqalari dasturiga kiritilgan.