BAYHAQIY ABULFAZL MUHAMMAD IBN HUSAYN AL-KOTIB
BAYHAQIY ABULFAZL MUHAMMAD IBN HUSAYN AL-KOTIB (995-1077) — tarixchi olim. Nishopur madrasalarida tahsil ko’rgan. Mahmud G’aznaviy saroyida kotib (1021). «Ziynat ulkuttob» («kotiblar ziynati») va 30 jildli «Tarixi oli Maxmud» («Mahmud xonadoni tarixi») nomli asarlar yozgan. «Tarixi oli Mahmud» asarining Mahmud G’aznaviy o’g’li Mas’ud hukmronligi (1030-41) ga oid qismigina saqlanib qolgan bo’lib, u «Tarixi Mas’udiy» va «Tarixi Bayhaqiy» nomi bilan ham mashhur. Bu asar Toshkentda so’z boshi va izohlar bilan rus tilida nashr qilingan (1962).