BAYRAM KUNLARI
BAYRAM KUNLARI – muhim voqealarga bag’ishlangan, an’ana sifatida nishonlanadigan, ish kuni hisoblanmaydigan kunlar. O’zbekiston Respublikasi hududida quyidagi kunlar bayram (dam olish) kunlari deb belgilangan: 1 yanvar — yangi yil; 8-mart — Xotin-qizlar kuni; 21 mart — Navro’z bayrami; 9 may — Xotira va qadrlash kuni; 1 sentyabr — Mustaqillik kuni; 1 oktyabr — o’qituvchi va murabbiylar kuni; 8 dekabr — Konstitusiya kuni; Ro’za hayiti (Iyd al-Fitr) ning birinchi kuni; Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) ning birinchi kuni. Ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va boshqa sharoitlarga (uzluksiz ishlaydigan korxonalar, ob’yektlarni qo’riqlash, ularning xavfsizligini ta’minlash kabilarga) ko’ra ishni to’xtatib turish mumkin bo’lmagan joylarda, aholiga xizmat ko’rsatish zarurati bo’lgan ishlarda, shuningdek kechiktirib bo’lmaydigan ta’mirlash va yuk ortishtushirish ishlarida Bayram kunlari ishlashga yo’l qo’yiladi. Bayram kunlari bajarilgan ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to’lanadi. To’lanadigan Haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo’lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo’mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi. Bayram kunlaridagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otpusk) berish bilan qoplanishi mumkin. Bayram kunlaridagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to’lanadi.