BAYZO
BAYZO (Arabcha — oq rangli, yaltiroq) — qadimgi po’latning bir turi. Sifat jihatdan Isfahon po’latidan so’ng 2-o’rinda turadi. Bayzo olish uchun teng miqdordagi temir va oddiy po’lat o’tda qizdirilib, sandonga ikkisi ustmaust qo’yiladi, bolg’a va bosqon bilan urib yoyiladi. Sovigach, yana qizdirilib, buklab, urish davom ettiriladi. Bu jarayon temirning taxm. o’ndan bir qismi po’lat jismiga singunga qadar davom ettiriladi. Shunda u yaltirab, «xol» tashlab turadi. Bayzodan pichoq, qilich, xanjar tig’lari yasalgan.