BAZDA
BAZDA — Qashqadaryo viloyatida ilk o’rta asrlarda mavjud bo’lgan shahar, Nasafdan so’ng ikkinchi yirik shahar hisoblangan. Bazda o’rnida hozir Qamashidan 10 kilometr Janubi-g’arbda joylashgan ko’hna shahar xarobasi mavjud. 9-10-asr manbalarida Nasaf viloyatidagi jome’ masjidi bo’lgan ikki shahardan biri (Kasba shahri bilan birga) sifatida tilga olingan. 10-asrda esa ayrim manbalarga ko’ra, kattaligi jihatidan poytaxt shahar — Nasafdan ham yirik bo’lgan. Samoniy (12-asr) Bazdani Nasafdan Buxoroga boruvchi yo’ldagi «mustahkam qal’a» deb qayd qilgan, Bazda yirik savdo markazi bo’lgan, shahar atrofida dehqonchilik rivojlangan. Shahar ahli quduqlardan suv ichgan. Bazda ark (150×100 metr), mudofaa devori bilan o’ralgan Shahriston (55 gektar) va raboddan tashkil topgan. Bazda arkining eng quyi qatlamidan milodning boshlariga oid topilmalar chiqqan. Bazda va Kasbi shahri qal’alari o’rta asrlarda Qashqadaryoning quyi oqimi havzasidagi muhim strategik qal’a bo’lgan. Har ikki qal’a tepalikda, 20 kilometr oraliqdagi masofada joylashgan bo’lib, bir tepalikdan ikkinchi tepalik ko’rinib turgan. Qadimda ular qarshi vohasini ko’chmanchilar hujumidan mudofaa etish maqsadida qurilgan bo’lsa kerak. Shu tufayli 6-asrda sosoniylar sarkardasi Bahrom Cho’bin o’z qo’shini uchun qarorgoh qilib Nasafni emas Kasbini tanlagani bejiz bo’lmasa kerak.