Bekobod shahri haqida eshitganmisiz?
Bekobod shahri haqida eshitganmisiz? – Toshkent oblastida. Bu shahar Farg’ona vodiysining eng tor qismidan oqib chiqqan Sirdaryoning har ikkala sohilida, Farhod qoyalari etagida qad ko’targan. Shahar haqidagi birinchi ma’lumotlar o’tgan asrning o’rtalariga to’g’ri keladi. 1899 yilda Bekobod qishlog’i yonidan Farg’ona tomon temir yo’l o’tkazildi va Xilkova (hozirgi Bekobod) stansiyasi qurildi. 1915 yilda stansiya yaqinida tsement zavodi qurildi. Ana shu zavod yonida vujudga kelgan posyolka yonida keyinchalik shahar qad ko’tardi. Toponim ikki qismdan iborat: bek – O’rta Osiyo va Yaqin Sharqda feodal xonliklaridagi mansab yoki viloyat boshlig’i. Bek so’zi “aslzoda, hukmdor, janob” ma’nosida ham qo’llaniladi. Obod komponenti toponimlar tarkibida “qishloq, qal’a, aholi punkti” kabi ma’nolarni ifodalaydi. Binobarin, Bekobod “bek shahri, bekka qarashli qishloq” demakdir. Beklar, Bekobod kabi toponimlar Samarqand, Sirdaryo, Jizzax oblasti territoriyalarida ham uchraydi.



