BER QONUNI

BER QONUNI — daryolarning oqish qonuniyatini aks ettiradigan qonun. 1857 yilda rus tabiatshunosi K. M. Ber topgan. Daryolar Shimoliy yarim sharda o’ng tomonga, Janubiy yarim sharda chap tomonga burilishga intilib oqadi. Shu tufayli, daryolar qaysi tomonga oqishidan qat’i nazar, shimoliy yarim sharda daryoning o’ng qirg’og’ini, Janubiy yarim sharda chap qirg’og’ini ko’proq yuvib boradi. K. M. Ber bu hodisa yerning o’z o’qi atrofida aylanishi ta’siri ekanligini isbot qildi. Nazariy mexanika qonunlaridan ma’lumki, aylanayotgan sistemada harakat qilayotgan jism Koriolis tezlanishi deb ataladigan qo’shimcha tezlanishga uchraydi. Shimoliy yarim sharda bu tezlanish asosiy harakatdan o’ng tomonga, Janubiy yarim sharda esa chap tomonga yunaladi. Bu tezlanish yuqori kengliklarda kuchli bo’ladi, ekvatorga tomon kamaya borib, ekvatorda nulga tenglashadi.