BERLIOZ
BERLIOZ (Berlioz) Gektor Lui (1803.11.12, Lakotsentandre— 1869.8.3, Parij) — frantsuz kompozitori, dirijyor, musiqa tanqidchisi, romantik programmali simfoniya ijodchisi. Parij konservatoriyasida o’qigan (1826-30). 5 qismli «Fantastik simfoniya»ni ijod etgan. «Sardanapal» kantatasi uchun katta Rim mukofotiga sazovor bo’lgan. 30-yil iyul inqilobi qurbonlarining yodnomasi bo’lgan «Tantanali motam simfoniyasi» (1840), «Troyaliklar» dulogiya («Qo’sh opera»)si mashhur (1855-59). 1856 yildan Frantsiya instituti (Akademiya) a’zosi. Bayron asari bo’yicha Alt va orkestr uchun yozgan «Garold Italiyada» simfoniyasi (1834), katta simfonik orkestr bilan to’rtta mis damli sozlar orkestri uchun «Rekviem»i (1837), «Benvenuto Chellini» romantik operasi (1838), «Faustning qoralanishi» (Gyote asari asosida) dramatik afsona opera — oratoriyasi (1846), «Beatriche va Benedikt» operasi (Shekspir asari asosida, 1862) Berliozning xarakterli asarlaridandir. Berlioz ijodiy faoliyati bilan Yevropa musiqa san’ati taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan.