BERNULLI
BERNULLI (Bernoulli) — shveytsariyalik olimlar oilasi. Jahonga 11 olim yetkazib bergan. Fanga salmoqli hissa qo’shgan vakillari: 1) Yakob Bernulli (1654— 1705) — matematik, Bazel universiteti professor (1687). Ukasi Iogann Bernulli bilan birga variatsion hisobga asos solgan. Uning nomi bilan ataluvchi ehtimollar nazariyasi teoremasini isbot qilgan. Fizika sohasida ham tadqiqotlar olib borgan; 2) Iogann Bernulli (1667-1748) — matematik, Bazel universiteti professor (1705), Peterburg Fanlar Akademiyasi faxriy a’zosi. Differentsial va integral hisobni yaratishda faol qatnashib, uni birinchi marta izchil bayon qilgan. Differentsial tenglamalarni yechish usullarini ham ishlab chiqqan. I. Bernulli geodezik chiziqlar haqidagi klassik masalani ta’riflagan va ularning o’ziga xos geometrik xossasini topgan, keyinchalik ularning differentsial tenglamalarini xam chiqargan. Mexanikada ham yirik kashfiyotlari bor (zarb nazariyasi, jismning to’siqli muhitdagi harakati, muvozalatning analitik qoidasi); 3) Daniil Bernulli (1700-82) — Iogann Bernullining o’g’li, matematika va mexanika bilan shug’ullangan. Peterburg Fanlar Akademiyasi faxriy a’zosi. Algebraik tenglamalarni qaytma qatorlar yordamida yechish usulini ishlab chiqqan, xususiy hosilali diffenentsial tenglamani echish uchun trigonometrik qatorlarni qo’llagan. Ideal suyuqliklar turg’un harakatining asosiy tenglamasi uning nomi bilan ataladi. U Parij Fanlar Akademiyasining matematika va fizikadan eng yaxshi asarlar uchun beriladigan mukofoti bilan 10 marta taqdirlangan.