BERUNIY
BERUNIY, 1957 yilgacha Shabboz (Shayx Abbos Vali)—Qoraqalpog’iston Respublikasidagi shahar (1962 yildan), Beruniy tumani markazi. Amudaryoning o’ng sohilidagi Urganch temir yo’l stantsiyasidan 20 kilometr shimoli Sharqda. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -15°, -20°, iyulniki 38°. Aholisi 51 ming kishi (2000). Beruniy qadimiy Xorazmning poytaxti bo’lgan va o’sha davrlarda Kot deb atalgan. 1957 yil shaharga shu yerda tug’ilib o’sgan olim va mutafakkir Abu Rayhon Beruniy nomi berildi. Beruniy 990 yillarda shaharda astronomik kuzatishlar olib borgan. Beruniy Respublikaning muhim sanoat markazlaridan. Shaharda yog’ ekspeller, g’isht, asfalt, paxta tozalash zavodlari, bosmaxona, maishiy xizmat ko’rsatish kombinati bor. 1969 yil 13 martda Amudaryo suvining toshishi natijasida shahardagi bir qancha binolar jiddiy zarar ko’rdi. Lekin tez fursatda shahar qayta tiklandi. Keyingi yillarda shahar chegarasi kengaydi, yangi mavze, ko’chalar bunyod etildi. Beruniy boshqa tumanlar bilan Qoraqalpog’iston avtomagistrali va Amudaryodagi chalish pristani orqali bog’langan. Beruniydan Nukus, To’rtko’l va boshqa shaharlarga samolyot va avtobuslar qatnaydi. Beruniyda 14 umumiy ta’lim maktabi, musiqa va sport maktablari, 8 ommaviy kutubxona, 2 klub, madaniyat uyi, muzey, 7 kasalxona bor (2000).