BETA TERAPIYA

BETA TERAPIYA — betazarralardan davo maqsadida foydalanish, nur bilan davolash usullaridan biri; kasallangan a’zoga yuborilgan radioaktiv izotopning beta nurlanish ta’siriga asoslanadi. Beta terapiyaning applikatsion (teri va shilliq qavatlar, ko’z oqi va mug’uz qavatining yallig’lanish kasalliklari, yuza joylashgan xavfli va xavfsiz o’smalarda), bo’shliq orasiga (plevra va qorin sohasidagi o’smalar, shuningdek me’da, yo’g’on hamda ingichka ichak, tuxumdon va boshqa sohadagi operatsiya asoratlarining oldini olishda), to’qimalar orasiga (xavfli melanomalar hamda limfa bezlariiing operatsiya qilib bo’lmaydigan metastazlari, rak qaytalanishi va boshqa onkologik kasalliklarda) o’tkaziladigan xillari bor. Radioaktiv izotop ichga ham qo’llaniladi, bunda u ayrim a’zolar (masalan, qalqonsimon bez, taloq, ko’mik va boshqalar) va to’qimalar orqali qonga so’riladi; tireotoksikoz, qalqonsimon bez raki va metastazlari, ayrim kon kasalliklarini davolashda uning ana shu xususiyatiga asoslaniladi.