BETON
BETON (Fransuzcha beton va lotincha bitumon— tog’ smolasi)—bog’lovchi modda (masalan, tsement), suv, to’ldirgichlar (masalan, shag’al, qum), ayrim hollarda qo’shilmalar qo’shib tayyorlanadigan qorishmaning zichlashib qotishi natijasida hosil bo’ladigan qurilish materiali. Qadimda Betondan gumbaz, qubbalar, ravoqlar, katta inshootlar qurishda ishlatishgan. Bunda bog’lovchi material sifatida loy, gips, ohak, asfaltdan foydalanishgan. Beton texnologiyasining takomillashuvi tsement ishlab chiqarilishi bilan bog’liq. 19-asrda temir betonning ixtiro qilinishi Betonning keng tarqalishiga olib keldi. Hajmiy massasiga (kilogramm/metr kublarda hisoblanadi) ko’ra, Betonning juda og’ir (2500 dan yuqori), og’ir (1800 dan 2500 gacha,) yengil (500 dan 800 gacha) va alohida yengil (500 dan past); bog’lovchi moddaning turiga ko’ra, tsementli, silikatli, gipsli, asfaltbetonlar, polimerbetonlar va boshqa xillarga; vazifasiga ko’ra, oddiy (sanoat, fuqaro qurilishi uchun ishlatiladigan), gidrotexnika, yo’l qurilishi, issiqlik izolyatsiyasi, manzarali ishlarga, maxsus ishlarga (kimyoviy turg’un, olovbardosh, yadro nurlanishlaridan himoya qilish va boshqalar uchun) mo’ljallangan xillari bor. Betonning asosiy sifat ko’rsatkichi siqilishga mustahkamligi hisoblanadi va shu xususiyati bilan uning markalari belgilanadi.