BETXOVEN

BETXOVEN (Beethoven) Lyudvig Van [1770.16 (?).12, Bonn 1827.26.3, Vena] — nemis kompozitori, pianinochi va dirijyor. Vena klassik maktabining vakili. 1792 yilda Venaga ko’chgan va tez orada o’zining erkin va ta’sirchan, yangi ijro uslubi bilan iste’dodli pianinochi, badihachi improvizator sifatida tanilgan. Venada (1795-1800) yaratgan fortepiano kontsertlari, 8 «Patetik» fortepiano sonatasi, kvartetlari, 1 simfoniyasi, «Prometeyning yaratmalari» baletidayoq Betxovenga xos, Buyuk Frantsuz inqilobi g’oyalari ta’siri ostida shakllangan ijodiy uslubi ko’zga tashlandi. 27 yoshidan qulog’i og’irlashib, keyinchalik butunlay kar bo’lib qolsada, ichki uquv, his-tuyg’u bilan birtalay asarlar yaratdi, dirijyorlik qildi. Betxoven ijodi, ayniqsa 1801-12 yillarda kamol topdi. Qahramonlik va demokratizm ruxi bilan yug’rilgan 3 («Qaxramonnoma»), 5-simfoniyalari, «Fidelio» operasi, I. Gyotening «Egmont» fojiasiga yozgan musiqasi, «Appasionata» fortepiano sonatasi, skripka va fortepiano uchun «Kreytserov» sonatasi va boshqa asarlari mashhur. Chuqur fojiaviylik va adolat tantanasiga ishonch ruhi bilan sug’orilgan 9 simfoniyasi Betxoven ijodining cho’qqisidir. So’nggi asarlari (28-32 fortepiano sonatalari, 12— 16 kvartetlari, bagatellar va boshqalar) da kompozitorning yangi ifoda vositalari topishga intilishi seziladi. Musiqiy qahramonlik uslubini yaratgan Betxoven simfonik musiqa tafakkuri ko’lamini nihoyatda kengaytirgan, kamercholg’u va vokal musiqasi, kontsert janrlarining g’oyaviy mazmunini teranlashtirgan, mavjud musiqa shakllari va janrlarini isloh etgan. Ijodida turli (ingliz, Venger, italyan, nemis, polyak, rus, ukrain va boshqalar) xalq kuylarini qayta ishlagan, Sharq mavzulariga murojaat qilgan (Sa’diy she’rlariga 2 Kanon va boshqa asarlar). Betxovenning 5, 7, 8, 9-simfoniyalari, fortepiano va skripka kontsertlari, birtalay fortepiano va skripka sonatalari, kamer ansambl va boshqa asarlari O’zbekiston Respublikasida ijro etiladi. Ad.: Rollan R., Jizn Betxovena, M., 1964; Alshvang A., Betxoven. Ocherk jizni i tvorchestva, 5-izd., M., 1977; Karintsev N , Betxoven (T. Mirzaev tarjimasi), T., 1939.