BEZAK HAYKALTAROSHLIGI
BEZAK HAYKALTAROSHLIGI -haykaltaroshlik turi, asarlari ma’lum me’moriy makonni yoki tabiiy sharoitni hisobga olgan holda binoning tashqarisi yoki ichkarisini, shahar ko’chalari, maydonlari va xiyobonlarini bezatadi. Bezak haykaltaroshligiga me’moriy bezaklar (Atlantlar, maskoronlar, kariatidalar), favvoralar uchun ishlangan haykallar, panjaralar, badiiy bezakli darvozalar, binoning ichki bezaklariga marmar, metall, chinni va boshqalardan ishlangan kichik shakldagi haykallar kiradi. Asarlari me’moriy ansambl bilan uyg’unlashib, san’at asari sifatida o’z mustaqilligini yo’qotmaydigan mahobatli haykaltaroshlikdan bezak vazifasini o’tashi bilan farqlanadi. Bezak haykaltaroshligida obrazlarni yumorli tarzda talqin etish, bo’rttirishga yo’l qo’yiladi, turli xayvonlar (masalan, baliq, qurbaqa, laylak va hokazolar) shakllari keng ishlatiladi.