BIBIXONIM

BIBIXONIM (asl ismi Saroymulkxonim) (1341 — 1408) — Amir Temurning katta xotini, Chig’atoy ulusi xoni — Hozonxonning qizi. Dastlab Amir Hazag’otning nabirasi — Xusayn ibn Musallabga (1355), keyin (Husayn qatl etilgach) Amir Temurga nikohlangan (1370). Shu Bone Amir Temur «Kuragon» unvoniga musharraf bo’ladi. Zotan xon avlodiga mansub Saroymulkxonim haramdagi barcha malikalardan ulug’ hisoblanib, «Katta xonim» yoxud «Bibixonim» degan unvonga noil bo’ladi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Bibixonim o’z zamonasining yuksak idrokli, farosatli, tadbirkor, maslahatdon va yetuk aql-zakovat sohibasi, shuningdek, husn-latofat bobida ham benazir edi. Bibixonim insonparvar, vatanparvar, mamlakatning siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotidan yaxshigina xabardor bo’lgan, saltanat ishlarida dono maslahatlari bilan qatnashib turgan ayol edi. Ayniqsa, ilm-ma’rifatga aloxhida e’tibor berar, tolibi ilmlarga homiylik qilardi. Sohibqiron Amir Temurning harbiy yurishlarida ko’pincha hamrohlik qilgan. Bibixonim saltanatni boshqarishda vujudga kelgan ayrim muammolarni hal qilishda o’zining oqilona maslahatlari bilan faol qatnashgan. Amir Temur Bibixonimga oshkora bo’ysunmasada, biroq uning oqilona maslahatlariga o’zida qandaydir ehtiyoj sezib turgan. Bibixonim o’z jamg’armasi hisobidan Samarqandda ulkan madrasa qurdirgan. Bibixonim farzand ko’rmagan bo’lsada, Sohibqiron o’z nabiralari — Muhammad Sulton, Xalil Sulton, Ulug’bek va boshqa mirzolarni bevosita zukko Bibixonim tarbiyasiga topshirgan edi. Samarqandda Amir Temur Bibixonimga atab qurdirgan Bibixonim jome masjidi mavjud. Bibixonim haqida xalq orasida ko’plab rivoyatlar saqlanib qolgan. Turg’un Fayziyev.