BIBLIYA

BIBLIYA (Yunoncha Biblia — kitoblar) — yahudiylik va xristianlikda muqaddas hisoblangan diniy kitoblar va risolalar majmuasi. Bibliya ikki asosiy qismga — qadimgi ahd va yangi ahdga bo’linadi. «Ahd» so’zi Xudoning insonlar bilan maxsus aloqasini ifodalaydi. Qadimgi ahd yahudiylikda ham, xristianlikda ham muqaddas sanaladigan va eng qadimgi davrlarda yaratilgan diniy adabiyotlardan, yangi ahd esa faqat xristianlar muqaddas deb biladigan, ular dini shakllanishiga aloqador diniy asarlardan iborat. Mazkur dinlarning aqidalariga binoan, Bibliya — Xudoning kalomi, barcha insonlarga yo’llangan, dunyo va odamzodning paydo bo’lishi va oxirat sirini ochib beruvchi muqaddas kitobidir. Uning asosiy mavzusi — yagona Haqning fazilatlari va insoniyat bilan munosabati haqidadir. Bibliya miloddan avvalgi 8-asr va milodiy 2-asrlar oralig’ida oromiy hamda yunon tillarida yozilgan. Bibliya matnlari tadqiq etilganda shu narsa tasdiqlandiki, ular qariyb ming yil davomida xilma-xil joylarda yaratilgan. Bibliya eng qadimgi adabiy yodgorliklardan biri bo’lib, diniy pand-nasihatlar, aqidalar, bashoratlar, duolar, solnomalar, masallar, ishqiy va falsafiy dostonlar, hikoyat, rivoyat va maktublardan iborat. Bibliyada, bir yoqdan, odamzodning gunohkor bo’lib Xudo tomonidan rad etilishi, abadiy halokatga mahkum qilinishi to’g’risida ran ketsa, ikkinchi yoqdan, Xudo insonni qutqarish uchun qanday rejalar tuzgani haqida hikoya qilinadi. Ayniqsa, odamlarga najot yo’lini ochgan Iso Masih to’g’risida to’laqonli xabar beriladi. Jami 70 kitob (bo’lim)ni o’z ichiga olgan Bibliya 13-asrda kardinal Stefan Lengton tomonidan hozirgi ko’rinishga keltirilgan, kitoblarni sherlarga bo’lish va raqamlashtirishni parijlik matbaachi Rober Stefan (16-a.sr) amalga oshirgan. Bibliya jahon bo’yicha keng tarqalgan, asrlar mobaynida ko’pgina xalqlarning axloqi, ma’naviyati, madaniyati, adabiyoti, musiqa va rang-tasvir san’atiga barakali ta’sir ko’rsatgan. U 19-asrgacha 400 dan ziyod, 20-asr mobaynida esa yana 1400 (jami 1978) tilga to’liq yoki qisman o’girilgan. O’zbek tilida ayrim qismlari 1891, 1913 yillarda Leypsig shahrida Arab imlosida, 1981, 1983, 1986, 1990 yillarda Bibliyani tarjima qilish instituti (Stokgolm) tomonidan kirill yozuvida chop etilgan. 1992 yilda mazkur institut Injil va Zaburni to’liq holda va Tavrotdan «Ibtido» qismini bir kitobga jamlab, so’zboshi, lug’at, jadvallar, fixrist, xaritalar hamda rangli fotosuratlar bilan birga chop etgan.