BIJANAKLAR

BIJANAKLAR, pecheneglar, paszinaklar — Itil (Volga) va yoyiq (Ural) daryosi bo’ylari, Orol dengizi oralig’idagi dashtlarda hamda Kaspiy dengizining sharqi va shimolda milodiy 1-ming yillikning ikkinchi yarmida yashagan bir qancha turkiy qabilalar birlashmasi. Bijanaklar qadimgi Qang’ davlati aholisi qang’lilarga mansub bo’lganlar. 8-asrda Yoyiq va Itil daryolari oralig’ida yashovchi qang’li, sarmat va boshqa qabilalarning birlashuvidan yirik bijanak qang’li Ittifoqi tashkil topgan. 9-asr oxirlarida (889 yil) tabiiy iqlim sharoitining g’oyat og’irlashuvi, xususan qurg’oqchilik hamda qipchoq va o’g’uzlarning siquvi natijasida Bijanaklarning asosiy qismi Janub rus dashtlariga, qora dengizning shimoldagi yerlarga ko’chib o’tganlar. Bijanaklar Kiyev Rusi yerlariga muttasil chopqun uyushtirib turganlar. 1010 yildan keyin Bijanaklar qo’llariga asir tushgan musulmon ulamosi, ilohiyotchi olimi orqali islom diniga kirganlar. 11 — 12-asrlarda Bijanaklardan qorilar, ulamolar, fiqhshunoslar chiqqan. 1036 yil Kiyev knyazi Yaroslav Mudriy Bijanaklarga qattiq zarba bergach, Bijanaklarlarning bir qismi Vengriyaga ko’chib ketgan. Bijanaklarning Yoyiq Itil oralig’ida qolgan qismi keyinchalik Dashti Qipchoq o’zbeklari tarkibiga kirgan. Bijanaklarning yana bir qismi (8-asr) Amudaryoning quyi oqimida, boshqa bir qismi o’g’uzlar tarkibiga kirib Sirdaryoning o’rta va quyi oqimlarida ko’chmanchilik bilan mashg’ul bo’lishgan. Abdurrashid Bakuviy (15 asr)ning yozishicha, Bijanaklar turkiy elat bo’lib, shimolda oltinchi iqlimda, saqlablar (slavyanlar)ga yaqin yerda yashaganlar. Ular uzun soqolli, uzun mo’ylabli, kuchli va yengilmas bo’lganlar. Ular hech kimga, hech qachon xiroj to’lashmagan. Faxriddin Hasanov.