BIOFILTR
BIOFILTR (bio… va filtr), biologik filtr — oqova (masalan, korxonalardan chiqqan) suvlarni biologik yo’l bilan tozalaydigan inshoot. Filtrlovchi materiallar (bug’ qozoni shlagi, granit chaqiq toshi, shag’al, keramzit va boshqalar) to’ldirilgan qush tubli doira va to’rt burchak shakldagi rezervuardan iborat, tublari orasidagi masofa kamida 0,4 metr. Filtrlovchi qatlam balandligi 1,5—2 metr; filtrlovchi qatlam donalari yirikligi 30-50 millimetr; pastki to’shama qatlam qalinligi 60— 100 millimetr. Oqova suv filtrlovchi material orqali o’tganda uning sirtida biologik parda (oqova suvning bakteriyasi, zamburug’i, oksidlovchi va minerallovchi organik moddalari) hosil bo’ladi. Unda suv ichidagi organik moddalar turli mikroorganizmlar hayot faoliyati tufayli parchalanadi va suv tozalanadi. Atrof muhit ekologiyasini, oqova (oqindi) suvlar borib qo’shiladigan okar suvlarning sifatini yaxshilashda Biofiltrning ahamiyati katta.