BIOGENETIK QONUN

BIOGENETIK QONUN — organizmlarning individual taraqqiyoti (ontogenezi) va tarixiy taraqqiyoti (filogenezi) o’rtasidagi munosabatlarni ifodalovchi tushunchalar majmui. Birinchi marta F. Myuller (1864) ochgan, E. Gekkel (1866) tomonidan tavsiflab berilgan. Biogenetik qonunga muvofiq tuxum hujayra urug’lanishdan boshlab undan yetuk organizm rivojlanishiga qadar mazkur organizm o’z turi tarixiy taraqqiyotining asosiy bosqichlarini qisqa takrorlaydi, ya’ni ontogenez filogenezning qisqacha takrorlanishi (rekapitulyatsiyasi)dan iborat. Filogenez Gekkel fikricha, ontogenez so’ngida yangi davrlarning paydo bo’lishi orqali amalga oshadi. Pekin ontogenez cheksiz uzayishi mumkin emas, shuning uchun ontogenezda takrorlanadigan filogenetik davrlar asta-sekin qisqara boradi. Bundan tashqari, ontogenezning hamma davrlarida yashash muhiti sharoitiga moslashish tufayli yangi belgilar paydo bo’ladi. Rekapitulyatsiyani buzadigan bu belgilarni Gekkel tsenogenez, o’zgarmas (kontservativ) belgilar va jarayonlarni palingenez deb atagan. Biogenetik qonun embriologik dalillardan filogenez jarayonini tushuntirishda foydalanishga imkon beradi. Gekkel filogenetik tadqiqotlar uchun uchlik parallelizmi metodini, ya’ni paleontologiya, solishtirma anatomiya va embriologiya dalillarini solishtirishni taklif etadi. Gekkel fikricha, ontogenezda filogenetik davrlar bir butunligicha takrorlanadi. Keyingi tadqiqotlar har bir organizm tsenogenezi juda ko’p bo’lishini va bir butun filogenetik davrlarning rekapitulyatsiyasi mumkin emasligini ko’rsatdi. Faqat ayrim belgilar va jarayonlar rekapitulyatsiya bo’ladi. A. N. Seversov filembriogenez kontseptsiyasini ishlab chiqdi. Unga binoan organizmlar evolyutsiyasi ontogenezning har qanday davridagi irsiy o’zgarishlar asosida boradi; filogenez ontogenezning genetik qatoridan iborat, Biogenetik qonun esa faqat onto va filogenez nisbatlarining ayrim tomonlarini aks ettiradi, shuning uchun muayyan tur ontogenezi evolyutsiyada ontogenez so’nggi davrlarining qo’shilishi orqali amal qiladi. Biogenetik qonun butun organik dunyoga tegishli bo’lib, Darvinning evolyutsion nazariyasini isbotlash va rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.