BIOGEOKIMYO
BIOGEOKIMYO — tirik organizmlar ishtirokida yer biosferasida kimyoviy elementlarning aylanishini o’rganadigan fan. Biogeokimyo tushunchasini fanga rus olimi V. I. Vernadskiy kiritgan. U tirik moddaning planeta miqyosida sodir bo’ladigan geokimyoviy jarayonlardagi ahamiyatini ko’rsatib bergan. Biogeokimyoning zamonaviy muammolari biogen elementlar geokimyoviy tsiklining miqdoriy modelini kashf etish, tirik organizmlarda elementlarning migratsiyasi va to’planishi qonuniyatlarini ochib berish, yer yuzini biokimyoviy rayonlashtirish foydali qazilmalar hosil bo’lishi evolyutsiyasi va yemirilishida tirik organizmlarning ishtiroki, ularning bioindikatsiyasi va boshqalardan iborat. Biokimyoviy tsikllarga inson faoliyati ta’sirini aniqlash, biosferaning rivojlanishini bashorat qilish biokimyoning eng muhim masalalaridan hisoblanadi. Biokimyoviy metodlar bilan tuproq va unda o’sadigan o’simliklar xili hamda kimyoviy tarkibiga asoslanib ma’danli elementlarning miqdori va tarqalishi to’g’risida xulosa chiqarish mumkin. Akademik V. I. Vernadskiy va A. P. Vinogradov asos solgan bu metodni O’zbekistonda birinchi marta M. A. Rish, V. I. Ezdakov, I. H. Hamroboyev, D. P. Malyuga, R. M. Tolipovlar qo’llagan. Biogeokimyo metodiga asoslanib, Tomdi, Olmaliq, Qo’ytosh va boshqa hududlarda oltin, mis kabi turli metallar tarqalgan maydonlar aniqlandi. Olmaliq va Nurota hududlarining echkimiya, zo’rcha, qumisparak, dastarbosh o’simliklari o’sgan joylarda mis; Sutcho’p o’simliklari bor joylarda simob konlari topilgan. Ma’danli konlar bor joyda o’sadigan o’simliklar tarkibida mazkur elementlarning miqdori boshqa yerdagi o’simliklardagiga nisbatan ko’p bo’ladi. Ad.: Abdullayev X., Biogeoximiya asoslari, T., 1987.