BIOLYUMINESSENTSIYA

BIOLYUMINESSENTSIYA (bio…, Yunoncha lumen — yorug’lik, escent — kuchsiz, sust ma’nosini anglatadigan qo’shimcha), funktsional xemolyuminessentsiya — tirik organizmlarning kuchsiz nur hosil qilish xususiyati. Biolyuminessentsiya bakteriyalar, zamburug’lar, radiolariyalar, bulutsimonlar, qisqichbaqasimonlar, hasharotlar, baliqlar orasida uchraydi. Biolyuminessentsiya dengiz hayvonlari orasida ko’proq qayd etiladi. Biolyuminessentsiya asosida fermentativa oksidlanish reaktsiyalari yotadi, ko’p hollarda reaktsiya natijasida elektron qo’zg’algan holatdagi mahsulotlar hosil bo’ladi. Mahsulotdagi qo’zg’alish energiyasi mahsulotning asosiy holatga kvant o’tishi davomida nur kvantlari tarzida sochiladi. Nur hosil qiladigan oksidlanuvchi modda lyusiferin, jarayonda ishtirok etadigan ferment esa lyusiferaza deyiladi. Lyusiferin va lyusiferazalar kimyoviy tabiati jihatidan har xil bo’lganligidan organizmlar tarqatadigan lyuminessent nurlar ham turlicha bo’ladi. Ba’zan Biolyuminessentsiya lyusiferaza ishtirokisiz ham amalga oshadi. Bakteriyalarda Biolyuminessentsiya biologik oksidlanish bilan bog’liq bo’lib, reaktsiyada lyusiferin sifatida flavinmononukleotid va har xil organik kislotalarning aldegidlari namoyon bo’ladi. Jarayon bakterial lyusiferaza ishtirokida amalga oshadi. Bakteriyalar bir sekundda 100 kvant ajratadi. Meduzalardagi Biolyuminessentsiyada kislorod sarf etilmaydi va lyuminessentsiya maxsus oqsil—ekvarinning kaltsiy ionlar bilan ta’sirlashishi natijasida sodir bo’ladi. Hasharotlar (masalan, yaltiroq qo’ng’iz) Biolyuminessentsiya lyusiferin, ATF, magniy ionlari va kislorod ishtirokida maxsus ferment—lyusiferaza ta’sirida amalga oshadi. Radioelektronika erishgan muvaffaqiyatlar tufayli Biolyuminessentsiyaning bioxemilyuminessentsiya tipi — o’ta zaif nur tarqatish hodisasi kashf etildi. Bioxemilyuminessentsiya odatda to’qimalarda to’yinmagan yog’ kislotalarining pereksli oksidlanish jarayonida spontan tarzida yuzaga keladi. Biolyuminessentsiya hosil qiluvchi moddalarning joylashgan o’rniga binoan Biolyuminessentsiya ham hujayra ichida yoki undan tashqarida yuzaga keladi. Biolyuminessentsiya ba’zi organizmlar uchun signal, o’ljani jalb qilish yoki dushman ko’zini qamashtirish vositasi, bakteriyalarda oksidlanish orqali kechadigan fosforlanish jarayoni tezligini boshqaruvchi omil sifatida ahamiyatga ega. Ba’zi bir olimlarning fikricha, lyuminessentsiya anaerob bakteriyalarda kislorodning zaharlash ta’siridan xalos bo’lish vositasi hisoblanadi. Ilmiy tadqiqot ishlarida Biolyuminessentsiyani qayd etishga asoslangan metodlar uning tarkibiy qismlari (masalan, ATF, FMN, NADN, kaltsiy ionlari va boshqalarning eritmalardagi kontsentrasiyasi) ni aniqlashda o’ta sezgir metod sifatida ish beradi. To’qimalarning fiziologik holati, hayotchanligi, zararlanish darajasi, ko’chirib o’tkazilgan a’zolarning organizm tomonidan rad etilishi yoki qabul qilinishi biosferaning har xil ksenobiotiklar, shu jumladan kantserogenlar bilan ifloslanish darajasini nazorat qilish hamda ba’zi bir xastaliklarni aniqlash maqsadida Biolyuminessentsiya metodi katta ahamiyatga ega.