BIONIKA
BIONIKA (Yunoncha bion — hayot elementi, asl ma’nosi — yashovchi)— biologiya va kibernetikaning yanada mukammal texnik vositalar yoki qurilmalarni yaratish maqsadida organizmlarning tuzilishi va hayot faoliyatini o’rganadigan bir yo’nalishi. Bionika 20-asrning 2-yarmida shakllangan. Nerv sistemasida axborotning qayta ishlanish usuli, sezgi organlarining tuzilishi va ishlashi xususiyatlari, navigatsiya, orientatsiya va lokatsiya tamoyillari yoki odam va hayvonlarda sodir bo’ladigan boshqa jarayonlar, shuningdek foydali ish koeffisienti juda yuqori bo’lgan bioenergetik jarayonlar Bionikaning asosiy masalalaridir. Nerv sistemasi signallarni aniq va bexato qabul qilishi, ishonchli, ixcham va energiyani tejab sarflashi bilan elektron hisoblash mashinalariga nisbatan katta afzallikka ega. Nerv sistemasi va sezgi a’zolarini o’rganish «o’ylovchi» mashinalar, yorug’lik, harorat va elektr maydonini sezuvchi ixcham va o’ta sezgir datchiklar hamda harakatdagi jismni kuzatib boradigan asboblar yaratitshda katta ahamiyatga ega. Hid bilish a’zosini o’rganish esa havodagi yoki suvdagi hidli moddalarning eng kam miqdorini bilishga imkon beradigan qurilmalarni yaratishga yordam beradi. Hayvonlarda uchraydigan infrakizil nurlar, ultratovush va haroratni sezuvchi reseptorlar asosida matn va sxemalarni o’qiydigan va taniydigan, osselogrammalar va rentgenogrammalarni tahlil eta oladigan qurilmalar ishlab chiqilgan. Qushlar, baliqlar va boshqa hayvonlarning navigatsiya qobiliyatini o’rganish navigatsiyada foydalaniladigan uskunalarni takomillashtirishga imkon beradi. Hayvonlarning morfologik tuzilishini o’rganish esa texnik konstruktsiyalarni barpo etishda yangi g’oyalar manbai hisoblanadi. Suvda tez suzadigan hayvonlarning terisini o’rganish tez suzar kemalar, suyaklarning tuzilishini o’rganishdan olingan ma’lumotlar yengil va mustahkam konstruktsiyalar yaratishga imkon berdi.