Birinchi jahon imperialistik urushi yillarida Samarqand
1914 yilning yozida boshlangan birinchi jahon imperialistik urushi Rossiya va uning milliy o’lkalari hayotiga jiddiy o’zgarishlar kiritdi.
Urush imperializmning ziddiyatlari keskinlashganligi natijasida, imperialistik davlatlar ikki yirik harbiy gruppirovkasining to’qnashuvi natijasida kelib chiqdi. II Internatsionalning deyarli barcha partiyalari marksizm ishiga xiyonat qilib, “mudofaachilik” yo’liga o’tib oldilar, burjuaziyani va imperialistik urushni himoya qildilar. Mensheviklar va eserlar va vurjuaziyani himoya qilish pozitsiyasini tutdi.
V.I.Lenin boshchiligidagi bolsheviklar partiyasigina marksizmga va proletar interiatsionalizmiga oxirigacha sodiq bo’lib qoldi, imperialistik urushga qarshi kurash olib bordi. V.I.Lenin 1914 yil sentabrida yozgan RSDRP Markaziy Komitetning Manifestida urushning imperialistik, bosqinchilik xarakterini ko’rsatib shunday yozgan edi: “Hozirgi urushning birdan-bir haqiqiy mazmuni, mohiyati va ma’nosi – birovlarning yerlarini bosib olish va o’zga millatlarni bo’ysundirish, konkurensiya qiluvchi millatni xonavayron qilish, uning boyligini talash, Rossiya, Germaniya, Angliya va boshqa mamlakatlarning avj olgan ichki siyosiy krizislarida mehnatkashlar ommasining diqqatini chetga tortish, proletariatning revolyutsion harakatni susaytirish maqsadida ishlarni bir-biridan ajratish, ularni millatchilik bilan laqillatish va ishchilarning ilg’or qismlarini yo’q qilishdan iboratdir”.
Bolsheviklar partiyasi imperiyalistik urushdan revolyutsion yo’l bilan chiqish uchun kurash olib bordi. Xalq ommasiga behisob azob-uqubatlar va qirg’inlar keltirgan jahon urushi ularni mavjud tuzumga qarshi yangi-yangi kurashlarda da’vat etardi. V.I.Lenin yangi tarixiy vaziyatga asoslanib, partiyaning revolyutsion platformasini ishlab chiqdi va uni “Yevropa urushida revolyutsion sotsial-demokratiyanint vaziyafalari” hamda RSDRP Markaziy Komitetning “Urush va Rossiya sotsial-demokratiyasi” degan Manifestida bayon qilib berdi. V.I.Lenin bolsheviklar partiyasining imperialistik urushni grajdanlar urushiga aylantirishdan iborat asosiy shiorini ilgari surdi va asoslab berdi. U rus hukumatining imperialistik urushda mag’lubiyatga uchrashi, sharmandalarcha barbod bo’lgan II Internatsional bilan aloqani uzil-kesil uzish va III Internatsionali tuzish shiorlarini ishlab chiqdi va asoslab berdi. Lenin shiorlari mehnatkashlarni pomeshchiklar va burjuaziyaga qarshi, imperialistik urushga qarshi kurash olib borishga va bu urushdan g’olibona revolyutsion yo’l bilan chiqishga ilhomlantirdi.
Voqealarning borishi bolsheviklar strategiyasi va taktikasi to’g’ri ekanligini tasdiqladi.
1914 yil 24 iyulda chiqarilgan podsho farmoniga asosan Turkiston o’lkasi “favqulodda saqlov” holatida deb e’lon qilindi.
Urushning dastlabki kunlarida Turkiston o’lkasidagi rus aholining “zapasdagi quyi mansablaridan” 22 999 kishi olindi. 1915 yilning boshlariga kelib 70 ming kishi, shu jumladan, Samarqand oblastida 3 585 kishi armiyaga chaqirildi. Safarbarlik juda qiyinchilik bilan olib borilardi. 1916 yil iyulida safarbar etilgan soldatlarning noroziliklari munosabati bilan xalq g’alayonlari bo’lib o’tdi. Ana shunday katta g’alayondan biri 27 iyulda Samarqandning yig’ilish punktida bo’ldi. Urushga qarshi nutq so’zlagani uchun zapasdagi Vikentiy Ledzinskiy politsiya tomonidan qamoqqa olindi.
Urush yillarida sotsial va milliy zulm yanada avj oldi. Turkiston o’lkasida 1914-1916 yillarda yer solig’i 2 baravardan ziyod ko’paydi va 14 311 711 so’mga yetdi. Hunarmandlarga solinadigan soliq ham ancha oshdi (1 149 676 so’mdan 2 838 240 so’mga yetdi), bu soliqning asosiy og’irligi mehnatkashlar, hunarmand-kosiblarning yelkasiga tushardi. Podsho hukumati har bir pud paxta tolasi uchun 2 so’m 50 tiyin miqdorida qo’shimcha harbiy soliq belgiladi. Bu esa dehqonlarning ahcolini yanada og’irlashtirishga olib keldi.
Zemstvo, yo’l va boshqa soliqlar ancha ko’paydi. Uyez boshlig’i qo’shimcha pud soliqlarini ko’pincha zo’rlik yo’li bilan yig’ib olar edi. Samarqand oblastining harbiy gubernatori N.S.Likoshin Turkiston general-gubernatori nomiga yuborgan ma’lumotida (1914 yil dekabr) bunday deb yozgan edi: “Xalq indamay pud to’layapti, ammo men aminmanki, soliq to’lovchi har bir kishining ko’nglida undan shuncha ko’p pul olinayotganligi, shu bilan birga, kambag’al bilan boylardan bir xilda soliq olinayotganligi uchun g’azab va nafrat ortmoqda”.
Volost boshqaruvchilari, oqsoqollari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan olinadigan soliqlar ham ko’payib ketdi. “Xayr-ehson qilish”, “urush ehtiyojlari uchun musodara qilish” deb atalgan tadbirlar keng o’tkazila boshlandi. Turkiston o’lkasidan 70 ming ot-ulov, 13 mingdan ziyod o’tov, 30 ming kvadrat arshindan ortiq namat, 300 ming tonna go’sht, 3 million pud paxta moyi va shu kabilar yig’ib olindi. Front orqasida transport sifatida foydalanish uchun 12 ming tuya ham tortib olindi.
Sanoat, oziq-ovqat mollari va yoqilg’ining narxi oshib ketdi. Korxona egalari narx-navoni o’zlari belgilab, bundan juda katta foyda olar edilar. Samarqand shahri va Samarqand uyezdining aholisi Turkiston general-gubernatori nomiga yuborgan iltimosnomasida “sanoat va oziq-ovqat mollarining narxi 5-10 baravar ortib ketganligidan, buning natijasida savdogarlarning boyib borayotganligidan, shahar va qishloq kambag’allari esa azob chekayotganligidan” shikoyat qilgan edi.
Urush o’lkaning ekonomikasiga halokatli ta’sir ko’rsatdi. Paxta, don va boshqa qishloq xo’jalik ekinlarining hosili keskin kamayib ketdi. 1915 yilda oblast qishloq aholisining deyarli yarmiga non yetishmadi. Ko’pgina kambag’al ko’chmanchilar 1915 yil yanvar oyidayoq barcha oziq-ovqat zapasini ishlatib bo’lgan edi. Aholining bu tabaqasi g’alla sotib olish uchun o’zining mol-mulkini, chorva mollari, qishloq xo’jalik asboblari, imoratlari va shu kabilarni sotishga majbur bo’ldi.
1915 yilda podsho hukumati to’qimachilik sanoati egalarining foydasini ko’zlab, paxtaga juda kam haq to’lash to’g’risida qonun qabul qildi. Sanoat mollari va ko’pgina boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oshib borayotgan bunday sharoitda bu kabi choraning ko’rilishi mehnatkashlarning og’ir va ayanchli ahvolini yanada yomonlashtirib yubordi.
Bularning hammasi Rossiya milliy chekka o’lkalaridagi xalq ommasining chorizm siyosatidan noroziligini kuchaytirdi.
Rossiya revolyutsion harakat kuchayib ketdi. Bu harakat mamlakatning asosiy sanoat rayonlariga yoyildi. Kostroma va Ivanovo-Voznesenskda bo’lib o’tgan katta zabastovkalar harbiy qismlarning kuchi bilan bostirildi. Ish tashlaganlardan qonli o’ch olinganligi zo’r norozilik tug’dirdi. Petrograd, Moskva, Xarkov, Revel va Rossiyaning boshqa shaharlarida ommaviy zabastovkalar boshlanib, bular siyosiy namoyishlarga aylandi. 1915 yilning kuziga kelib ishchilarning revolyutsion harakati yanada keng quloch yozdi.
Mamlakat sanoat markazlari proletariatning siyosiy kurashi uning chekka o’lkalariga ham revolyutsionlashtiruvchi ta’sir ko’rsatdi. Chunonchi, 1914 yil avgustda Suluqta ko’mir konlarida rus va qirg’iz ishchilarinig ish tashlashlari bo’lib o’tdi.
Urushga qarshi harakatning tobora avj olishi revolyutsiya bo’ronining yaqinlashib kelayotganligidan dalolat beradi. 1916 yilda Turkistonda bo’lib o’tgan xalq qo’zg’oloni mamlakatda revolyutsion krizisning yorqin namunalaridan biri bo’ldi. Bu qo’zg’olon chorizm va Rossiya imperializmning butun sistemasi vujudga keltirgan chuqur ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy zaminga ega edi. O’lkada rus bo’lmagan aholini urush orqasidagi harbiy ishlarga safarbar qilish birinchi jahon urushi yillaridagi sotsial va milliy zulmni yanada kuchaytirib yubordi.
“Boshqa millat kishilarini” safarbar qilish to’g’risidagi qonunni tayyorlash va joriy etish ishi zudlik bilan olib borildi. Ichki ishlar ministrligi keyinchalik, 1916 yil sentavrida tuzgan maxfiy spravkasida podshoning 25 iyundagi farmoni “Oliy bosh qo’mondon shtabining armiya ehtiyojlari uchun katta kuchni shoshilinch suratda yuborish to’g’risidagi qattiq talabi tufayli harbiy ministrning iltimosi bilan chiqarilgan edi. Tegishli takliflar harbiy mahkamada nihoyatda shoshma-shosharlik bilan ishlab chiqildi,” – deb tan olishga majbur bo’ldi. Ma’murlar safarbarlik qishloq xo’jalik ishlarining eng qizg’in davriga to’g’ri kelganligi bilan ham hisoblashmay, yuzlab va minglab kishilarni urush yaqinidagi joylarga imkon boricha tezroq olib borishga harakat qildilar.
Oblastlarning gubernatorlari naryadlarni o’z bilganlaricha uyezdlar bo’yicha taqsim qilishlari, uyezd boshliqlari esa volostlar bo’yicha taqsimlab chiqishlari kerak edi. Naryadlarni volostlarda (qishloq va ovular bo’yicha) taqsimlab chiqish vazifasi “mahalliy” ma’muriyat zimmasiga yuklatildi. Mahalliy ma’murlar shaxsiy boylik orttirish maqsadida naryadlarni ko’paytirdi. Mardikor-ishchilar o’zlari bilan yaroqli ish asboblari va kiyim-bosh olishlari kerak edi.
Mustamlakachi ma’murlar safarbarlik o’tkazayotganlarida ro’y berishi mumkin bo’lgan ikki variantni nazarda tutdi: birinchi variant safarbarlikning osoyishtalik bilan o’tishiga, ikkinchisi esa aholining qarshilik ko’rsatishga mo’ljallangan edi. Ikkinchi variant ehtimolga yaqin edi. Turkiston general-gubernatori “harbiy sayillar o’tkazish, tanishib chiqish maqsadida va joylarda jazo va majburlash choralari qo’llash zarur bo’lib qolgan taqdirda harakat yo’llarini ishlab chiqish, shuningdek, hukumatning buyruqlariga itoat etmaydigan mahalliy aholining ongiga yaxshiroq ta’sir etishni” oldindan belgilab chiqdi.
Mardikorlikka olish siyosiy zaminga ega edi. Mustamlakachi ma’murlar ekspluatator gruppalar va, xususan, “mahalliy” ma’muriyat vakillarining manfaatlarini ko’zlab, podsho farmonini izohlab beradigan qo’llanmalar ishlab chiqdi. Ana shu qo’llanmalarga asosan, volost boshliqlari va ularning yigitlari (qurollangan soqchilari), ruhoniylar, “faxriy grajdanlar” deb atalgan kishilar va boshqa kategoriyadagi mulkdorlar mardikorlikdan ozod qilindi. Bundan tashqari, har bir “tub yetlik” kishi istagan odamini o’z o’rnini yollashi va naryad bo’yicha yuborishi mumkin edi. Suiiste’mol va o’zboshimchalik qilishi ko’zlagan ekspluatator zodagonlar bu ishdan ko’proq foydalanishdi. Hatto, Turkiston general-gubernatori shu narsani ta’kidlashga majbur bo’ldiki, “tegishli summani to’lashdan bosh tortgan ayrim mahalliy kishilarni qamoqqa olishgacha borib yetgan ayanchli ko’zbo’yamachilik hollari yuz beryapti, vaholanki, soliq to’lash bilan bundan qutulish mumkin edi”, deb yozdi.
Bularning hammasi mehnatkashlar ommasining podsho ma’murlari, boshqaruvchilar, oqsoqollar va ekspluatator unsurlarga nisbatan qahr-g’azabini kuchaytirdi. Turkiston soqchilik bo’linmasining boshlig’i o’zini 1916 yil iyul oyining boshlarida yozgan ma’lumotnomasida quyidagilarni xabar qilgan edi: “Mahalliy aholi o’rtasida shunday shov-shuvlar keng tarqalganki, go’yo badavlat kishilar va mahalliy ziyolilarga okop qazish ishlariga odam yuborish o’rniga pul to’lab qo’ya qolish imkoni berilgan emish. Choyxonalar va boshqa joylarda mahalliy aholi agar boylar ham safarbarlikka olinmasa, u holda ko’pgina tartibsizliklar qilishlari va hatto boylardan o’ch olishga ham tayyor ekanliklarini aytmoqdalar”.
Shunday qilib, podshoning 1916 yil 25 iyunda chiqargan farmoni xalq ommasinig tub manfaatlariga daxldor edi. Mehnatga layoqatli erkaklarning safarbar qilinishi kambag’al oilalar uchun katta xavf tug’dirar, ko’pgina soliqlar va yig’inlar to’lash natijasida xonavayron bo’lgan xalq boshiga og’ir musibat keltirar edi. Bundan tashqari, imperialistik bosqinchilik urushi alq ommasiga mutlaqo yot edi, shu sabali mehnatkashlar o’zlari tug’ilib o’sgan joylardan ketishni istamadilar.
Shuning uchun ham ma’murlarning “19 yoshdan 31 yoshgacha bo’lgan mahalliy erkaklar ro’yxatini shoshilinch ravishda tuzib chiqish to’g’risid”gi dastlabki farmoyishlariyoq mahalliy aholi o’rtasida g’azab uyg’otdi. Samarqand oblast harbiy gubernatori general Likoshinning yozishicha, “g’alayon o’sib boryapti, goh bir joyda, goh ikkinchi joyda to’s-to’polonlar va odam o’ldirishlar bo’lib turibdi. Mahalliy amaldorlarning o’git-nasihatlari va tinchitishlari foyda bermayapti. Ularning va’dalariga ishonmay qo’yishdi, hozircha bu harakatlar rus hukumatiga qarshi ochiqdan-ochiq qo’zg’olon ko’tarishga aylangani yo’q”.
Farmon chiqqandan keyin tez orada Samarqandda va oblastda g’alayonlar boshlandi. Samarqand uyezdi boshlig’ining raportida ko’rsatilishicha, Samarqand oblastining Xo’jand shahrida dastlabki katta qo’zg’olon ko’tarilgan.
Qo’zg’olon safarbarlik e’lon qilinganidan keyin ko’p o’tmay stixiyali ravishda boshlangan. Shaharning politsiya pristavi, shtavs-kapitani Ustimovich uyezd boshlig’ida ko’rsatma olgach, 2-3 iyul kunlari shaharning mansabdor shaxslari, boylarini o’z huzuriga chaqirib, olingan buyruqni ularga o’qib eshittirdi. Mahalliy zodagonlar mardikorlikka olish ishini amalga oshirishda har tomonlama ko’maklashishga va’da berishdi. Mardikorlikka olish to’g’risidagi xabar shaharda va chekka qishloqlarga tezda yoyildi, xalq ommasining noroziligi va qahr-g’azabini uyg’otdi. Norozilik tobora orta bordi va 4 iyul ertalab oshkora qo’zg’olonga aylandi. Qo’zg’olonchilar aktiv harakatga o’tdilar: ular politsiya boshqarmasiga bostirib kirib, mahkamani qo’riqlab turgan mirshablarga tashlandilar, ularni toshbo’ron qildilar. Xo’janddagi soqchilik komandasi politsiyaga yordam berish uchun yetib keldi va qurolsiz olomonga qarata o’t ochdi. Qo’zg’olonchilar tarqatib yuborildi, bir necha kishi o’ldirildi.
Boshqa uyezdlarning boshliqlari ham xalq harakatining keng quloch yozayotganligi to’g’risida oblast gubernatoriga birin-ketin xabar berib turdi. Ana shu ma’lumotlardan bezovta bo’lgan harbiy gubernator “alohida farmon chiqarilmaguncha aholini mardikorlikka olishni to’xtatish zarurligi to’g’risida” ko’rsatma berishga majbur bo’ldi. Ammo bu chora tobora rivojlanib borayotgan qo’zg’olonni to’xtata olmas edi.
5 iyulda Urgut qishlog’ida 2 mingga yaqin kishi ayrim qishloqlar bo’yicha safarbar etishga tayyorlab qo’yilgan odamlar ro’yxatini yirtib tashlashni talab qilishdi. Pristav bu talabni bajarishdan bosh tortdi. Ana shunda qo’zg’olonchilar Urgun volosti bosqaruvchisi vazifasini ijro etib turgan Mulla Azim Qobilboyevning mahkamasiga bostirib kirdi va kuch bilan ro’yxatini tortib olib, uni yirtib tashladi. Ba’zi bir mirza va oqsoqollar kaltaklandi.
Samarqand uyezdining Dahbet volostida eng katta qo’zg’olon bo’lib o’tdi. Yig’in o’tkazish man etilganligiga qaramay, 7 iyulda Dahbet qishlog’ining bozor maydoniga ko’pgina xaloyiq to’plana boshladi, ularning bir qismi tayoqlar bilan qurollangan edi. Qo’zg’olonchilarga o’zbek demokratik ziyolilarning vakili Usmon Abdurasulev boshchilik qildi. Qo’zg’olonchilar volost boshqaruvchisining mirzasi Qobulovga tashlandi, so’ngra esa volost boshqaruvchisining o’ziga hujum qildi. To’qnashuv vaqtida Qobulov Abdurasulevni bir necha joyidan yarador qildi. Ana shunda qo’zg’olonchilar Qobulovga tashlanib, uni o’ldirdilar. Volost boshqaruvchisi qochishga harakat qildi, ammo qo’zg’olonchilardan biri uni og’ir yarador qildi.
Qo’zg’olonni bostirish uchun Dahbetga harbiy komanda yuborildi. U qo’zg’olonchilardan 30 kishini qamoqqa oldi. Soldatlar qishloqdagi aholini “qo’rqitish” uchun 10 kundan ko’proq shu yerda turdi.
Ma’murlar bir joydagi qo’zg’olonni bostirishga ulgurmasdanoq, ikkinchi bir joyda u yana boshlanib turdi. Ko’pgina kishilar safarbarlikdan yashirinib, Samarqandning tog’lik joylariga ketib qoldi.
11 iyulda Samarqand eski shahar aholisidan bir necha yuz kishi oblast harbiy gubernatori Likoshinning uyi yoniga to’planib, mardikor olishni bekor qilishni talab etdi. Natijada politsiya bilan to’qnashuv bo’lib o’tdi.
Mustamlakachi ma’murlar bilan mahalliy ekspluatatorlarning birgalikda kuch-g’ayrat sarflashi natijasida 1916 yilgi qo’zg’olon bostirildi. Dehqonlarning barcha qo’zg’olonlariga xos bo’lgan stixiya va tarqoqlik, ishchilar sinfi tomonidan rahbarlikning yo’qligi qo’zg’olonnign bostirilishiga asosiy sabab bo’ldi. AYni shu vaqtda chor qo’shinlari, jazo otryadlari, politsiya, quloqlar va boylar bilan bo’lgan olishuv va janglarda ishtirok etish uchun O’rta Osiyodagi mahalliy millat mehnatkashlari uchun yaxshi revolyutsion maktab bo’ldi.
1916 yilgi qo’zg’olon ezilgan xalq ommasi sotsial va milliy zulmdan proletariatning bevosita yordami va rahbarligi ostidagina qutulishi mumkin ekanligi haqidagi marksizm ta’limotini yana bir bor isbotladi. Ikkinchi tomondan, V.I.Lenin yozganidek, “Tarix dialektikasi shundayki, imperializmga qarshi kurashda mustaqil factor sifatida kuchsiz bo’lgan kichik millatlar imperializmga qarshi haqiqiy kuchning, chunonchi: sotsialistik proletariatning maydonga chiqishiga yordam beruvchi fermentlardan biri, batsillalardan biri rolini o’ynaydi”. Jumladan, O’rta Osiyo xalqlarining ozodlik kurashi ana shunday ferment rolini o’ynadi.
Turkiston qo’zg’oloni imperialistik urushni grajdanlar urushiga aylantirish to’g’risidagi lenincha g’oyaning amalga oshishiga yordam bergan xalq stixiyali kurashining o’ziga xos formalaridan biri bo’ldi. Qo’zg’olon O’rta Osiyo, shu jumladan, Samarqand mehnatkashlarining sotsial va milliy mustamlakachilik zulmiga qarshi yanada qat’iy kurash olib borishlari uchun zamin tayyorladi.