BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTINING BOSH ASSAMBLEYASI
BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTINING BOSH ASSAMBLEYASI — BMT asosiy organlaridan biri, barcha a’zolarining umumiy yig’ilishi. Butun BMTga tegishli vazifalar hamda vakolatlarning muhim qismini bajaradi. BMT barcha asosiy organlari orasida eng vakolatlisi. Shu organlarni shakllantirishda ishtirok etadi. BMTga a’zo hamma davlatlar o’z vakillariga ega bo’lgan yagona organ. Mazkur vakillar ko’pi bilan 5 delegat va yana shuncha delegat o’rinbosari va zarur miqdordagi maslahatchilar va ekspertlardan tashkil topadi. BMTga a’zo davlatlarning barchasi BMT Bosh Assambleyasida teng huquqli, ya’ni har biri bir ovozga ega. Delegatsiya majlislar zalida davlatning ingliz tilidagi rasmiy nomiga muvofiq alifbo tartibida joylashadi. BMT Bosh Assambleyasi BMT Ustavi doirasidagi yoki uning har qanday organi vakolat hamda vazifalariga doyr har qanday masala yoxud ishni, biron-bir davlat yoki xavfsizlik Komiteti o’rtaga qo’ygan masalalarni muhokama qilish, shuningdek BMT a’zolari va (yoki) Xavfsizlik Kengashiga oid tavsiyalarni berish vakolatiga ega. BMT Bosh Assambleyasi Xavfsizlik Kengashining doimiy bo’lmagan a’zolarini (doimiy a’zolari BMT Ustavi 23-moddasida ko’rsatilgan), iqtisodiy va ijtimoiy kengash a’zolarini saylaydi; Xavfsizlik Kengashi b-n birga xalqaro sud sudyalarini saylashda qatnashadi; Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga binoan BMT Bosh kotibini tayinlaydi; Xavfsizlik Kengashining va BMT boshqa organlarining yillik hamda maxsus dokladlarini qabul qilib, ko’rib chiqadi; BMT byudjetini muhokama etib, tasdiqlaydi. BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi yillik sessiyaga (u odatda sent. oyining 3-seshanba kuni ochiladi), shuningdek maxsus yoki (1950 yildan) favqulodda sessiyaga yig’iladi. Maxsus sessiyalar xavfsizlik Kengashi, BMT a’zolarining ko’pchiligi yoki bular ma’qullagan holda BMT a’zolaridan birining talabi bilan chaqiriladi. BMT Bosh Assambleyasining har bir sessiyasida rais va uning 21 o’rinbosari saylanadi. Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zolarining vakillari sessiya raisi etib saylanmaydi. Shuningdek ikkita prosedura qo’mitasi tuziladi. BMT Bosh Assambleyasining 7 bosh qo’mitasi va 2 doimiy qo’mitasi bor. Bosh Assambleya tavsiya tusidagi rezolyutsiyalarni qabul qiladi.