Siz biror marta tarantella (italyanlarning sho’x raqsi va musiqasi) ga tushganmisiz yoki biror kishining bu o’yinga tushganini ko’rganmisiz? Bu raqsning paydo bo’lishi biylarga aloqadorligidan xabaringiz bormi? Biy — yirik harakatchan sertuk o’rgimchak. O’rta asrlarda biy chaqib olgan odamni «tarantizm» bilan kasallanadi, deb hisoblangan. Bu illatga chalinganlar badqovoq va ma’yus ahvolga tushib qoladilar, deb o’ylashgan. Ularni bu illatdan forig’ etishning birdan bir yo’li holsizlikdan yiqilib qolguncha musiqa ostida raqs tushish, deb bilishgan. Shundan keyingina ular sog’ayib ketadi, degan xulosa chiqarishgan. Mana shu xurofot tufayli «tarantella» degan raqs yuzaga kelgan. Bu sho’x italyancha raqs boshdan-oxir izchil o’sib boradi. Biy chaqishi hasharotlar va mayda hayvonlar uchun xavfli, lekin inson hayotiga xavf solishi haqida hech qanday ma’lumot yo’q. Odamlar esa biyni ko’rganlarida baribir hayqishadi. Rosmana biylarni Yevropa janubida uchratish mumkin va nomini ham Taranto shahri nomidan olgani bejiz emas. Ularning sertuk tanasi uzunligi 3,5 santimetrgacha bo’ladi. Ular ayrim turdagi o’rgimchaklar kabi to’r to’qimaydi. Ular chuqur inlar qaziydi va unga ajratib chiqaradigan moddasini to’shaydi. Qishda ular o’z uylariga kirib, o’rgimchak uyasi o’ralgan o’tlarni pana qilib, bahorga qadar uxlaydilar. Biylar yo’lbars kabi o’z o’ljalarini poylaydilar. Ular barglar, axlat oralarida va inlarida bekinib yotadilar. Yaqin atrofida birorta hasharot paydo bo’lsa, quvib yetadi, tishlab oladi va iniga keltiradi. Tishlaganda hasharot yo o’ladi yo jonsizlanib qoladi. O’rgimchak uni bo’sh vaqt topganida yeydi. Biylar o’ljasini na chaynaydi, na yutadi. Ular qon va hayotiy sharbatlarini so’rib oladi. Biroq ular nasllariga g’oyat g’amxo’rdir: pillasini o’z uyalarida saqlaydi va tashqariga chiqqanida o’zlari bilan birga olib yuradi. Jajji biylar dunyoga kelganda ular bir haftacha onasining yelkasida yuradi.