BIZNES FOND

BIZNES FOND, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qo’llab-quvvatlash fondi — O’zbekiston Respublikasida xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishga ko’maklashuvchi maxsus nodavlat tuzilmasi, ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. 1993 yil 21 iyulda «Kichik va o’rta biznesni rivojlantirishga ko’maklashuvchi fond» nomi bilan tashkil etildi (1995 yil 26 iyulda hozirgi nomda qayta tuzildi). Biznes fond Qoraqalpog’iston, viloyatlar va Toshkent shahrida 14 boshqarma, 174 axborot-konsalting markazlariga ega. Biznes fond «Aktsiyador jamiyatlar va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi qonun (25.4.1996) ga muvofiq ish yuritib, dehqon (fermer) xo’jaliklarini rivojlantirish; qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash; mahalliy sanoatni rivojlantirish; qurilish va qurilish industriyasi; xizmat ko’rsatish sohalarini rivojlantirish; turizm kabi sohalardagi ishbilarmonlik faoliyatini imtiyozli kredit bilan ta’minlaydi. Kreditlash muddati 3 — 10 yil, to’lovlar muddatini 2 — 5 yilgacha uzaytirish mumkin. Kredit foiz qo’yilmasi 10 — 25%. Biznes fond kapitali O’zbekiston Respublikasi Davlat mulk qo’mitasining davlat mulkini sotishdan tushgan tushumlaridan (30%), Bandlikka ko’maklashuvchi fond tushumlaridan (10%), O’zbekiston Respublikasi rezidentlari bo’lgan yuridik shaxslar va xalqaro moliya tashkilotlarining mablag’lari va boshqa mablag’lardan shakllanadi. Anvar Yusupov.