BLASTULA

BLASTULA (Yunoncha blastos — murtak, maisa) — ko’p xujayrali hayvonlar embrional rivojlanishi — ontogenezi davrida hosil bo’ladigan murtagi. Odatda erta, o’rta va kechki Blastula bo’ladi. Blastulaning tuzilishi tuxum hujayraning tuzilishi va maydalanish xususiyatlariga bog’liq. Tuxum xujayra to’liq maydalanganida, odatda, tseloblastula, ba’zan sterroblastula yoki yassi Blastula — plakula (blastomerlar ikkita parallel yuza bo’ylab joylashganida) hosil bo’ladi. Diskoidal chala maydalangan tuxum hujayralardan diskoblastula, tuxum hujayra sirti bo’linganida epiblastula paydo bo’ladi. Stomoblastula ham o’ziga xos Blastula hisoblanadi. Ayrim embriologlar morulani ham Blastulaning bir xili deb hisoblashadi. Blastula ontogenezning bir davri sifatida ko’p hujayrali hayvonlar kelib chiqishining umumiyligini va ular evolyutsiyasidagi parallelizmni ko’rsatuvchi dalil hisoblanadi.