BOBON QO’ZG’OLONI
BOBON QO’ZG’OLONI — Zarafshon vohasida chorizm mustamlakachilik istibdodi va mahalliy amaldorlar zulmiga qarshi ko’tarilgan dehqonlar qo’zg’oloni (1869 yil oktabr— 1870 yil sentabr). Rahbari — Bobon Aliboyev (Bobon To’qsabo). U Qoraqursoq qishlog’idan bo’lib, rus podsho chinovniklari, Amir va uning amaldorlari, jumladan Ziyouddin tuman begi Muhammad Yusufboy dodxohning behad zulmiga qarshi bosh ko’tarib, o’z atrofiga kambag’al dehqonlarni to’play boshlaydi. 1869 yil dekabrga kelib ularning soni 500 kishidan ortadi. Qo’zg’olonchilar boy va amaldorlarning uy-joylariga o’t qo’yish, mol-mulklarini tortib olib, kambag’allarga bo’lib berishni o’z oldilariga asosiy maqsad qilib oladilar. Qo’zg’olon dastlab ana shu Ziyouddin bekligida boshlanib, Xatirchi bekligi va Zarafshon okrugining Kattaqo’rg’on uezdiga yoyiladi. Buxoro amiri qo’zg’olonni o’z kuchi bilan bostira olmagach, 1869 yil oktabrda Zarafshon okrugidagi chor ma’muriyatidan harbiy yordam so’rashga majbur bo’ladi. Kattaqo’rg’on uezdi boshlig’i kapitan Borzenkov yuborgan jazo otryadi shu uezd chegarasida qo’zg’olonchilar bilan bo’lgan jangda katta talofot ko’rsada, bir necha qo’zg’olonchini asir olishga muvaffaq bo’ladi. Ulardan biri (Mullo Xusayn) Buxoro zindoniga tashlanib, qolganlari (Umarqul, Abdushukur, Xudoyberdi) qatl etiladi. Bobon qo’zg’olonni davom ettirib, 4 dekabrda Xatirchi amlokdori Rahimboyning molmulkini kambag’al dehqonlarga taqsimlab beradi. So’ng, qo’zg’olonchilar Ziyouddin tuman begi Muhammad Yusufboy dodxohning uyiga o’t qo’yib, molmulkini xalqqa ulashadi. Bobon qo’zg’olonining tobora avj olayotganidan cho’chigan Turkiston general-gubernatori K. P. Kaufman Kattaqo’rg’onga shtabsrotmistr M. D. Skobelev boshchiligida otliqjazo otryadini jo’natadi. Kattaqo’rg’ondan 25 kilometr uzoqlikdagi Chorshanba qishlog’ida bo’lgan jangda jazo otryadi yengilib, Skobelev qochadi. Bu mag’lubiyatdan sharmanda bo’lgan Turkiston chor ma’muriyati Skobelevni harbiy tribunalga beradi. Shundan so’ng, Kattaqo’rg’onga polkovnik Karganov boshchiligida ikkinchi jazo otryadi yuboriladi, 1869 yil dekabr oxirida bo’lgan jangda qo’zg’olonchilar yengilib, ulardan 40 tasi halok bo’ladi, 25 kishi asir olinadi, 100 dan ortig’i yaralanadi. Bobon esa omon qolgan qo’zg’olonchilar bilan qochib qutiladi. Asir olingan qo’zg’olonchilarni Ziyouddin tuman begi xalq o’rtasida osib o’ldiradi. 1870 yil 14 yanvarda Karganov jazo otryadi Qoraqursoq qishlog’ida qo’zg’olonchilar bilan yana jang qiladi, ammo ularni yenga olmaydi, 1870 yil sentabrda chor hukumati ayg’oqchisi Saidxon Karimxonovning xiyonati tufayli qo’zg’olonchilar Kattaqo’rg’onning To’rtko’l qishlog’ida tormor qilinadilar. Bobon qo’lga olinib, Samarqandda qatl etiladi. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi, 1J. [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], T., 2000.