BOBURIYLAR
BOBURIYLAR — Hindistonda (1526-1858) hukmronlik qilgan sulola. Temuriylarlzm Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan. Chet ellarda, mamlakatimizda, hatto Hindistonda ham Boburni va uning avlodlarini «buyuk mo’g’ullar» deb atash odat bo’lib qolgan. «Buyuk mo’g’ullar» degan ibora Chingizxon va undan keyingi mo’g’ul qoonlari (O’qtoy qoon, Guyukqoon, Munkaqoon) ga taalluqli bo’lib, Boburiylar aslida Bobur avlodlaridir. Ular tarixiy hujjatlarda o’zlarini «Boburiy mirzolar» deb yuritishgan. V. V. Bartold dunyoda tarqalgan «buyuk mo’g’ullar» iborasining xato ekanligini ko’rsatib, «yevropaliklar Temurni va uning o’g’illari hamda nabiralarini mo’g’ullardan tarqalgan deb hisoblab, (Bobur) saltanati uchun «buyuk mo’g’ullar» degan nom to’qidilar», deb yozadi. Bu ibora esa Yevropadan Hindistonga «ko’chib» kelib, hindlar orasiga inglizcha kitoblar vositasi bilan tarqalgandir. So’nggi yillarda «buyuk mo’g’ullar» degan xato ibora o’rniga «Boburiylar» iborasi qo’llanila boshladiki, bu ibora tarixiy haqiqatni to’g’ri aks ettiradi. Boburiylar Hindistonda 332 yil hukmronlik qildilar. Boburiylarning vakillari: Zahiriddin Muhammad Bobur (1526-30), Humoyun (1530-39; 1555-56), Akbar ( 1556- 1605), Jahongirshoh (1605-27), Shoh Jahon (1627-58), Avrangzeb Olamgir (1658-1707), Bahodirshoh I (1707-12), Jahondorshoh (1712-13), Farrux Siyar (1713-19), Muhammadshoh (1719-48), Ahmadshoh (1748-54), Olamgir II (1754- 59), Shoh olam II (1759-1806), Akbar II (1806-37), Bahodirshoh II (1837-58).