BODRING

BODRING (Cucumis sativus L.) — qovoqgullilar oilasiga mansub bir yillik sabzavot ekini. Barcha qit’alarda ekiladi. Yovvoyi holda uchramaydi. Ochiq dal ada va issiqxonalarda yetishtiriladi. Vatani — Hindiston. Miloddan avvalgi 3-ming yildan beri ma’lum. Palagi 1,5—2 metrgacha boradi. Bodring guli bir uyli, ayrim jinsli. Otalik gullari barg qo’ltig’ida bittadan, onalik gullari otalik gullaridan keyinroq paydo bulib, barg qo’ltig’ida bittadan, tezpishar navlarida 2-3 ta dan joylashadi. Mevasida vitamin S, 92,7— 97,7% suv, 1,1—3,7% qand va mineral tuzlar, shuningdek efir moyi bor. Bodring issiqsevar o’simlik, urug’i tuproq harorati 14-15° bo’lganda una boshlaydi, 25-30° da yaxshi ko’karadi. Bodringning ertapishar, o’rtapishar va kechpishar navlari bor. Ertapishari ochiq dalaga aprelning birinchi yarmida, o’rtapishari may oxirlarida, kechpishari iyunning o’rtasi va iyulning boshida ekiladi. Bodring egatorasini 120— 140 santimetrdan olib, yakka qatorlab yoki 210-240 santimetrdan olib, qo’sh qatorlab har uyaga 2-3 kun ivitib quyilgan 5— 8 dona urug’ tashlab ekiladi. Qatorlab ekilganda tup oralig’i 35-40 santimetr, to’g’ri burchakli uyalab ekilganda 70 santimetr qilinadi. Bodring ko’karib chiqqach, ertagisi 30-40 kunda, kechkisi 50-60 kunda gullaydi, tukkan mevasi 8-10 kunda yetiladi. Mevasi och yashil bo’lib, urug’i pishganda sarg’ish-qo’ng’ir tusga kiradi. Yer haydash oldidan gektariga 25— 30 tonna gung, 100 kilogrammdan azotli va fosforli o’g’itlar solinadi. Urug’i unib chiqqach, uyada bittadan nihol qoldirib yaganalanadi, sug’orib chopiq qilinadi. Iqlim va tuproq sharoitiga qarab har 5-12 kunda sug’oriladi. Bodring sho’rlanmagan, sizot suvlari chuqur joylashgan yerlarda yaxshi o’sadi. Mevasini har kuni yoki kun oralatib terish kerak. Mevasi ko’kligicha, tuzlangan va konserva holida iste’mol qilinadi. Sharbati tibbiyotda dori-darmon sifatida ishlatiladi. O’zbekistonda selektsiya yo’li bilan yaxshilangan quyidagi navlari ekiladi: Marg’ilon 822. Kechpishar, palagi uzun, bargi o’rtacha, besh burchakli. Mevasi tsilindrsimon, bo’yi 16-18 santimetr, eni 5-6 santimetr, og’irligi 130-240 gramm, to’q yashil, uchidan boshlanadigan oq yo’llari bor, ba’zan yo’llari bo’lmaydi. Gektaridan 300-350 tsentner hosil beradi. O’zbekiston 740. O’rtapishar, palagi o’rtacha, bargi mayda, to’q yashil, usti cho’tir. Mevasi tsilindrsimon, bo’yi 10-13 santimetr, eni 4-5 santimetr, og’irligi 100— 180 gramm, yaltiroq yashil. Uchidan boshlanadigan oq yo’llari mevasining yarmigacha boradi. Gektaridan 340-375 tsentner hosil beradi. Qo’yliq 262. Ertapishar, palagi o’rtacha, bargi to’q yashil, to’garak, bo’lakli. Mevasining bo’yi 10— 11 santimetr, eni 3-4 santimetr, og’irligi 105-110 gramm, to’q yashil. Yertagi qilib ekilganda gektaridan 330-350 tsentner, kechki qilib ekilganda 120-160 tsentner hosil beradi. Shuningdek, Yertagi 645, Hisor 132 navlari ham serhosilligi bilan ajralib turadi. Bodring issiqxonalarda yetishtirilganda 1 mg maydondan 20-35 kilogramm hosil olinadi. Kasalliklari: unshudring, oqpalak, ildiz chirishi. Zararkunandalari: o’rgimchakkana, bitlar, ildiz kemiruvchilar va boshqalar. Ad.: Bo’riyev H., Abdullayev A., Tomorqa sabzavotchiligi, T., 1994. Orif Qodirxo’jayev.