BOKKACHCHO

BOKKACHCHO (Boccaccio) Jovanni (1313, Parij—1375.21.12, Chertaldo, Florentsiya yaqinida) — italyan yozuvchisi, Yevropa Uyg’onish davri adabiyotining yirik vakili. Neapolda huquq fanlarini o’rgangan. Bokkachcho Florentsiya siyosiy hayotida faol qatnashgan. Dastlabki asarlari («Filokolo», 1336; «Filostrato», 1338)da ishqiy sarguzashtlar tasvirlangan. Bokkachchoning antik mifologiya syujetlari asosida yaratilgan «Ameto» (1341), «Fezolan parilari» (1345) pastorallari, «Fyametta» (1343) qissasi hamda sonetlari bor. Yuzta novelladan iborat «Dekameron» (1350-53) asari Bokkachcho ijodining cho’qqisi hisoblanadi. Unga 7 juvon va 3 yigitning 10 kun davomida aytgan hikoyalari asos bo’lgan. Asar nomlanishi (Yunoncha Dekameron — o’n kunlik) shundan. Bokkachcho bu asarida xurofotga qarshi oddiy inson va uning erkin muhabbatini ulug’lab, zohidona hayotni rad qilgan. Bokkachchoning ijodi Uyg’onish davri italyan hikoyachiligidagina emas, balki 15-16-asrlar Yevropa adabiyotida ham realizmning shakllanishida katta ahamiyatga ega bo’ldi. Yozuvchi hayotining so’nggi yillarida «Quzg’un» (1354-55) dostoni va «Dante Aligeri hayoti» (taxminan 1360) kitobini yozgan. «Dekameron» o’zbek tiliga Q. Mirmuhamedov tomonidan tarjima qilingan (1978).