BOLALAR TEATRI

BOLALAR TEATRI — 1) bolalar tomonidan ijro etiladigan spektakllar. G’arbiy Yevropa o’quv yurtlarida 15-asrdan ma’lum. Sobiq Ittifoq respublikalarida 20-asrning 20-yillaridan paydo bo’ldi. Bolalar badiiy havaskorligining bir turi sifatida o’quvchilar uyi va saroylari, maktab va boshqa joylarda tashkil topdi; 2) bolalar va o’smirlar uchun xizmat qiladigan professional teatr. Yosh avlodni badiiy, estetik va g’oyaviy jihatdan tarbiyalashga xizmat qiladi. Repertuari ertak va bolalar adabiyoti namunalari asosida yozilgan instsenirovkalardan, mumtoz dramaturgiyaning maktabda o’tiladigan namunalaridan, bolalarbop pyesalardan iborat. Dramatik (yosh tomoshabinlar teatri) va qo’g’irchoq teatri kabi turlari bor. O’zbekistonda Bolalar teatri ilk bor 1928 yilda Toshkentda (rus yosh tomoshabinlar teatri) tashkil topdi. Shu jamoa qoshida dastlab o’zbek qo’g’irchoq teatri, 1929 yilda teatr studiyasi yuzaga keldi. Studiyani tashkil etishda S. Eten, N. Eshmuhamedov va A. Ismoilovlarning xizmati katta. 1930 yil shular tashabbusi bilan studiya professional Bolalar teatriga aylantirildi. 1930-40 yillarda Toshkent, Namangan, Andijon, Qo’qon, Farg’ona, Urganch, To’rtko’l va boshqa shaharlarda Bolalar teatrilari samarali ish olib bordilar va diqqatga sazovor spektakllar qo’ydilar: «Tohirning xanjari» (E. Hamroyev), «Yoriltosh» (Sh. Sa’dulla), «Semurg'» (Zulfiya), «Abdulla Nabiyev» (A. Rahmat) va boshqalar shular jumlasidan. 1968 yil birlashgan yosh tomoshabinlar teatri rus yosh tomoshabinlar teatri va yil Oxunboboyev nomidagi o’zbek yosh tomoshabinlar meampura ajratildi. «Mardlar qissasi» (B. Rahmonov), «Amu qahramonlari» (P. Tlegenov), «Qovoqvoy va Chanoqvoy» (P. Mo’min), «Alivali» (L. Mahmudov), «Chiranma g’oz —hunaring oz» (H. Nazir), «Masxaraboz Ali» (L. Boboxonov), «Sehrli nay» (M. Xalil) va boshqa eng yaxshi spektakllardir. Respublika davlat qo’g’irchoq teatri, Andijon davlat bolalar va yoshlar teatri, Andijon qo’g’irchoq teatri, Buxoro qo’g’irchoq teatri, Samarqand qo’g’irchoq teatri va boshqa teatrlar ishlab turibdi. Respublika Bolalar teatrini yo’lga qo’yish va rivojlantirishda J. Obidov, A. Doniyorov, A. Turdiyev, Y. A’zamov, A. Ginzburg, N. Ladigin, N. Do’stxo’jayev, I. Ahmedov, O. Tolipov, I. Yoqubovlarning hissasi katta. V. Qodirov, B. Nurmuhamedov, M. Hamidova, L. Sa’dullayev, G. Sa’dullayeva, M. Yo’ldosheva va boshqa eng yaxshi bolalar aktyorlaridir. O’zbekistonda 6 ta qo’g’irchoq, 3 ta yosh tomoshabinlar teatri ishlaydi (1998). Hamid Ikromov, Mohina Ashirova.