BOLGAR QALAMPIRI
BOLGAR QALAMPIRI (Capsicum annuum L), chuchuk garmdori — tomatdoshlarga mansub bir yillik sabzavot ekini. Vatani — Amerika. Barcha mamlakatlarda etishtiriladi. Markaziy Osiyoda, ayniqsa O’zbekistonda ko’p ekiladi. Tupi o’rtacha, tik, kam barg, yashil. Ko’karib chiqqandan keyin mevasi 130— 138 kunda yetiladi. Bargi yirik (bo’yi 10-11 santimetr, eni 5-6 santimetr), tuxumsimon, yashil. Gultoj barglari oq, gulkosasi yalpoq. Mevasi o’rtacha, bo’yi 8-8,5 santimetr, eni 4,5—5 santimetr, og’irligi 60-115 gramm, yashil, ayrim navlari pishganda qizil rangga kiradi. Pusti dag’alroq, eti 2-3 millimetr, tarkibida 10— 11% quruq modda, 2-6% qand, kraxmal, 1,5% oqsil, yog’, kletchatka, vitamin S (100 grammda 800 milligramm), oz miqdorda vitamin V, va V2, karotin bor. Urug’i Fevral boshida parnik yoki issiqxonaga sepiladi. 8-12 kunda maysalari ko’rinib qoladi. Birinchi chinbarg chiqarganda ko’chirib, 5-8 santimetr oraliqda o’tqaziladi. Ko’chatlari parnikda 5-10 kun oralatib, ikki marta (10 l suvga 7-8 gramm selitra, 25 gramm superfosfat va 15 gramm kaliy tuzi) oziqlantiriladi. Ko’chatlar dalaga aprelning birinchi yarmida 70×30 santimetr oraliq bilan ekiladi. Har gektar yerga 100 kilogramm sof azot, 120 kilogramm sof fosfor, 60 kilogramm sof kaliy hisobidan mineral o’g’it va 10-15 tonna chirigan go’ng solinadi. Go’ngning hammasi, fosfor va kaliyli mineral o’g’itning 75% kuzgi shudgorlash oldidan, qolgan qismi va azotli o’g’it o’sish davrida yerga solinadi. Dastlab har 8-10 kunda, keyin har 11 — 13 kunda sug’orilib, qator oralari 4-5 marta yumshatiladi. Yetilishiga qarab bir necha marta terib olinadi. Har gektardan 300 tsentnergacha hosil beradi. Ovqatga ishlatiladi va konservalar tayyorlanadi. O’zbekistonda ekiladigan navlari: Bolgar 79. O’rtapishar nav, mevasi yashil, kesik piramida shaklida. Toshkent sovg’asi. O’rtapishar nav, kasallikka chidamli, mevasi konussimon, serhosil, urug’i kam, og’irligi 90—115 gramm. Yirik sariq 903. Mevasi to’q yashil, xiyol qovurg’ali. Ad.: Bo’riyev H., Abdullayev A., Tomorke sabzavotchiligi, T., 1994. Orif Qodirxo’jayev.