BOQI PULI

BOQI PULI — Turkiston xonliklarida ariq va kanallar qazish, suv havza va shoxobchalarini tozalash, mavjud sug’orish inshootlarini ta’mirlash yoki yangilarini qurish vaqtida hasharga chiqmaganlardan olingan jarima. Masalan, Buxoro xonligida 19-asr 2-yarmi va 20-asr boshlarida mazkur hasharga chiqmagan har bir kishiga kuniga 2 tangadan jarima solingan. Boqi puli hashar uyushtirgan mirob tomonidan undirilib, odatda, sug’orish bilan bog’liq ishlarga sarf qilingan, ortgani esa davlat xazinasiga topshirilgan. Masalan, Shoxrud kanali mirobi Mirzo Asomiddin to’qsobo bahor va kuzgi hasharlarda to’plangan Boqi pulidan davlat xazinasiga 14812 tanga topshirgan.