BO’RON

BO’RON — qadimgi o’zbek milliy harakatli bolalar o’yini. Bo’ron keng maydonda ’40×35 metr, maysazor joylarda o’ynaladi. Bo’ron uchun oddiy qiyiqcha — belbog’i aytiladi, unga bir siqim qum va qipiq yoki mayda somon solinib tugiladi. O’yin har qaysisi 6 nafar o’g’il boladan iborat 2 jamoa o’rtasida bo’ladi. O’yin boshlanishidan oldin maydonning bet chizig’ining o’rtasida 3 metr masofada diametri 1,5—2 metr keladigan doiracha hosil qilinadi. Hakam tugunni maydon markaziga uloqtiradi, ikki tomonda turgan jamoalar markaz tomon yuguradilar. Birinchi bo’lib tugunchaga yetib borgan bola uni sherigiga, sherigi yana boshqasiga uzatadi. Tugun — belbog’ni doirachaga birinchi bo’lib olib borib tashlagan tomonga bitta xol (ochko) yoziladi. O’yin sharoitga qarab 3 daqiqadan 15 daqiqagacha davom yetishi mumkin. Bo’ron, shuingdek sport zallarida ham o’ynaladi.

BO’RON — uzoq davom etadigan kuchli shamol. Odatda, tsiklonlarning sovuq havo massasi egallagan qismlarida yoki antisiklon chetlarida paydo bo’ladi. Bo’ron vaqtida qor ko’chib, uy va devorlar yonida qor uyumlari paydo bo’ladi, temir yo’l va avtomobil yo’llarini qor bosadi. Bo’ron qumli cho’llarda qum ko’chishiga, dengizda suvning kuchli to’lqinlanishiga sabab bo’ladi. Bo’ron vaqtida yer sirtida shamol tezligi 20 metr/sekunddan 50 metr/sekundgacha yetishi, ayrim paytlarda 100 metr/sekundgacha borishi mumkin. Meteorologiyada dovul, po’rtana va qasirg’a atamalari ham Bo’ronni anglatadi. Lekin bular shamolning tezligi, davom etish vaqti bilan bir-biridan farq qiladi. Bofort shkalasi bo’yicha Bo’ron 6-12 ball bilan baholanadi.