BOSHQARMA
BOSHQARMA — davlat boshqaruvi tizimida biror yirik tarmoq yoki xo’jalik sohasida markaziy yoki o’rta bo’g’indagi boshqaruv idorasi (masalan, Markaziy bankning viloyat boshqarmasi, Bojxona qo’mitasining shahar boshqarmasi). Boshqarma vertikal (vazirlik, qo’mita, korporatsiya darajasida sektor – bo’lim — boshqarma — bosh boshqarma) va gorizontal (ayrim vazifalarni bajaruvchi bo’limlar) tizimda rahbarlikni amalga oshirishi mumkin. Boshqarma umuman boshqaruv vazifalarini, maqsadlarini amalga oshirish va boshqarish jarayonining uzluksiz hamda samarali ishlashini hududiy yoki tarmoq tamoyillari asosida tashkil etadi. Hozirgi paytda O’zbekistondagi boshqaruv amaliyotida Boshqarma o’rniga departament atamasi kirib kelmoqda.