BOSMA SXEMA

BOSMA SXEMA — radioelektronika qurilmasining uzeli (qismi); bosma montaj usulida uning platasiga rezistorlar, kondensatorlar, induktivlik g’altagi va hokazolar tushiriladi. Radioapparatura, EHM va radioelektronika jihozlarini montaj qilishda qo’llaniladi. Murakkab montaj ishlarini avtomatlashtirishga imkon beradi. Bosma sxema hosil qilish uchun, avvalo, radiodetallar o’rnatiladigan dielektrik (masalan, getinaks) plastina sirtiga montaj simlar uchun chuqurchalar qilinadi va ular maxsus metal eritmasi bilan to’ldiriladi. Metall eritmasi qotgandan so’ng radiodetallar o’zaro puxta bog’lanib qoladi. Bosma sxemali radioelektronika asboblari oddiy sxema asosida qurilgan asboblardan ancha mustahkam bo’ladi. Hozir ishlab chiqarilayotgan televizorlarda asosan Bosma sxema qo’llaniladi.