BOSPOR PODSHOLIGI
BOSPOR PODSHOLIGI — qora dengizning shimol sohilidagi quldorlik davlati (miloddan avvalgi 5-asr — milodiy 4-asr). Miloddan avvalgi 480 yillarda Kerch, Taman yarim orollaridagi yunon shaharlarining birlashuvi natijasida vujudga kelgan. Poytaxti — Pantikapey (hozirgi Kerch), bundan tashqari Fanagoriya, Germonassa (hozirgi Taman), Feodosiya, Nimfey kabi yirik shaharlari bo’lgan. Bospor podsholigini dastlab yunon sulolalaridan bo’lgan arxeanaktidlar (miloddan avvalgi 480— 438), keyin — yunon mahalliy Spartokiylar (miloddan avvalgi 438-109) sulolasi boshqargan. Bu davlatning iqtisodiy va madaniy jihatdan eng yuksalgan davri miloddan avvalgi 4-3-asrlarga to’g’ri keladi. Yunoniston va kichik Osiyoga g’alla, qoramol, baliq, teri, qullar savdoga chiqarilgan, bu mamlakatlardan esa vino, zaytun moyi, sopol va metall buyumlar, gazmol olingan. Bospor podsholigi xo’jaligida dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik va hunarmandchilik taraqqiy etgan. Milodiy 4-asr oxirida Bospor podsholigi gunnlar tomonidan tugatilgan.